TOShKENT, 10 noya — Sputnik. So‘nggi besh yilda mahalliy hokimiyatlarning 8 mingdan ortiq qarorlari noqonuniy deb topilgan. Bu haqida Oliy sud telegram kanali ma’lum qilmoqda.
"2017-2022 yillar va 2023-yilning 9 oyida ma’muriy sudlar tomonidan jami 98 861 ta ommaviy nizo ko‘rilgan bo‘lib, 59 475 ta (60,2%) ish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklangan. Jumladan, mahalliy hokimliklarning 8 778 ta qarorlari noqonuniyligi sababli haqiqiy emas deb topilgan", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu davr mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 302 687 ta ishlar ko‘rib chiqilib tadbirkorlik subyektlari foydasiga 17,7 trln. so‘m miqdoridagi mablag‘larni undirish belgilangan.
Undan tashqari, 2019-2022 yillar va 2023-yilning 9 oyida iqtisodiy va ma’muriy sudlar tomonidan investitsiyaviy nizolarga oid jami 1 282 ta ish ko‘rilib, 710 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.