Vatan himoyasi – eng muqaddas yumush, Vatan himoyachisi bo‘lish esa eng sharafli kasblardan. Bugun serjantu leytenant, kapitanu mayor singari atovlarni eshitganimizda bu muqaddas yumushga umrini tikkan mardi maydonlar yodimizdan o‘tadi. O‘zbek xalqining shonli tarixida o‘chmas iz qoldirgan Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temurdek bo‘lishni orzulagan o‘g‘lonlarga havasingiz keladi.
O‘zbek tilining eng qadimgi davrlaridayoq harbiy unvon va mansablarning nomlari bo‘lgan. Til tarixi bilan shug‘ullangan olimlar alp, baγatur, čör / cörä, ön bašï, yuz bašï, bïŋ bašï, tuman bäg, bašlïγ singari qadimgi turkiy tilga qo‘llangan terminlarni qayd qilganlar. Yuqoridagi harbiy terminlarning aksariyati bugungi tilimizda yo‘q: ularning bir qismi butunlay tildan chiqib ketgan, bir qismining o‘rnida boshqa so‘zlar qo‘llanadi, ayrimlari boshqa ma’noni anglatadi. Masalan, ön bašï, yuz bašï, bïŋ bašï so‘zlari hozirgi o‘zbek tiliga o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi shaklida noharbiy ma’nolarda yetib kelgan.
Ön bašï/O‘nboshi turkiy qo‘shindagi harbiy mansab nomi bo‘lgan va “o‘n kishidan iborat kichik harbiy bo‘linma boshlig‘i”ni bildirgan. Uch xonlik davrida ham shu va shu kabi so‘zlar harbiy mansab nomi sifatida ishlatilgan. Masalan, Qo‘qon xonligida o‘nboshi atamasi o‘rnida dahboshi ishlatilgan. Keyinchalik XX asrda o‘zbek armiyasida o‘zgarishlar qilinishi natijasida bu atamadagi harbiylashgan ma’no qo‘llanishdan to‘xtagan. XX asrga kelib esa “brigada boshlig‘i, brigadir” ma’nosini bildirishga o‘tgan.
Yuz bašï/Yuzboshi “yuztagacha bo‘lgan askariy guruhni boshqaradigan boshliq” ma’nosini bildirgan. H.Dadaboyevning yozishicha, Qo‘qon xonligida bir yuzboshi o‘nta dahboshi boshqaradigan askariy guruhga boshchilik qilgan. XX asrga kelib, bunday qo‘shin turlari tugatilgach, “qishloq oqsoqoli” ma’nosini anglatadigan bo‘lgan.
Bing bašï/Mingboshi atamasi “ming kishigacha bo‘lgan askarning boshlig‘i” bildirgan. Mazkur atama til tarixida u yoki bu hajmdagi “qo‘shin boshlig‘i”ni bildirgan bo‘lsa, keyinchalik bu so‘zdagi harbiylashgan ma’no unutilgan hamda “daha oqsoqoli, hokim”ni bildirishga o‘tgan.
Tumanbegi atamasi “o‘n ming kishilik qo‘shin boshlig‘i” ma’nosini ifodalagan. Bu ma’noda tumanboshi atamasi ham qo‘llangan. Ikkalasi sinonim hisoblanadi va zamonaviy armiyada diviziya komandiriga teng keladi. Albatta, har qanday qo‘shinda tumanbegi yoki tumanboshi harbiy mansabi bo‘lmagan, chunki ayrim qo‘shinlarda askarlarning umumiy soni o‘n mingtaga ham yetmagan.
Turli davrlarda butun boshli qo‘shinga boshchilik qilgan harbiy lavozim va unvonlarning nomi turlicha atalagan. “O‘zbek harbiy terminologiyasi” kitobidagi ma’lumotga ko‘ra, Ko‘kturk xoqonligida bu lavozimni qag‘an – davlat boshlig‘i egallagan. Demak, qag‘an atamasi ham “davlat boshlig‘i”, ham “oliy bosh qo‘mondon” ma’nosini bildirgan. Oliy bosh qo‘mondondan keyingi harbiy mansabdorlarni ifodalash uchun yabg‘u/jabg‘u va shad atamalari ishlatilgan. Yabg‘u va shadlar qo‘shinning o‘ng va so‘l qanotlariga sarkardalik qilgan (O‘zbek harbiy terminologiyasi, 9-bet).
Shad atamasi harbiy unvon ma’nosida qadimdan qo‘llanib kelgan. Ammo jangda shuhrat qozongan har qanday iste’dodli sarkardaga bu lavozim berilmagan. Bu unvon qag‘an – xoqon oilasidan bo‘lgan jasur sarkardalar uchun joriy qilingan. (O‘zbek harbiy terminologiyasi, 10-bet). Masalan, Bilga qag‘an shad unvonini olganligi tarixiy kitoblardan ma’lum. Bu unvonni olish katta sharaf bo‘lgan, ayni paytda, unvon egasiga katta imtiyozlarni ham bergan, xalqning sardoriga, hukmdorning o‘sha yurtdagi noibiga aylangan. M.Do‘stmurodov “Mo‘yun Cho‘r” nomli qadimiy bitikdan keltirgan quyidagi parchada xoqonning o‘g‘illari tardush va to‘las qabilalariga yabg‘u (yabγu) va shad (šad) etib tayinlaganligi ma’lum bo‘ladi: “äki oγulïma: yabγu: šad at bärtim – ikki o‘g‘limga yabg‘u va shad unvonini berdim (O‘rxun-Yenisey bitiktoshlaridagi harbiy terminlar tadqiqi, 63-bet)
G‘arbiy Ko‘k turk xoqoni Ishbara hukmdorligi davrida o‘zining qo‘l ostidagi yurtni o‘n qismga bo‘lgan va bu qismlarning har birini aymoq deb atagan. Mazkur aymoqlarga tayinlangan amaldorlar shad deb yuritilgan. Bu yerlarda shadlar ham davlat ishlarini boshqargan, ham harbiy sohaga bosh bo‘lgan (O‘zbek harbiy terminologiyasi, 11-bet).
Turkiy qo‘shin tarkibida harbiy maslahatchi lavozimi ham bo‘lgan. Ayg‘uchi shunday atama bo‘lgan. "O‘rxun-Yenisey" yodnomalarida To‘nyuquq ismli kishi harbiy maslahatchi bo‘lganligi yozib qoldirilgan. Yirik sarkardalar esa subashi unvoni bilan taqdirlangan (O‘zbek harbiy terminologiyasi, 11-bet). “Qo‘shin boshlig‘i” ma’nosini bildiradigan subashi atamasi turkona qo‘shma so‘z yasash qolipida hosil qilingan, ya’ni su hamda bashi so‘zlarini qo‘shib yasalgan. Su so‘zi qadimgi turkiy tilda "qo‘shin" manosini anglatgan. Bashi so‘zi esa “boshliq, boshchi” degan ma’noni bildiradi. Bugungi kunda bunday qolipda so‘z yasalganda bashi so‘zi boshi shaklida ishlatiladi. Masalan, ishboshi, davraboshi kabi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan galgi maqolamizda o‘zbek va rus maqollaridagi mushtarakliklar haqida so‘z yuritgan edik.
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.