TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Indoneziyada boshlangan jahon chempionatini mag‘lubiyat bilan boshladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-17 terma jamoasi
© Assotsiatsiya futbola Uzbekistana
Bugun Maliga qarshi maydonga tushgan o‘zbekistonlik futbolchilar 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Raqiblar birinchi golni 30-daqiqada kiritishdi. Ikkinchi gol esa Behruz Jo‘matov raqib futbolchisiga qo‘pollik ishlatgani uchun belgilangan 72-daqiqadagi penaltidan kiritildi. Uchinchi to‘p ham uch daqiqa o‘tar-o‘tmas o‘zbekistonlik darvozasini ishg‘ol qildi. Har uchta golga Mali himoyachisi Mamadu Dumbiya mualliflik qildi.
Futbol bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati guruh bosqichida O‘zbekiston "B" guruhidan joy olgan. Mazkur guruhda o‘zbekistonliklarga Ispaniya, Kanada hamda Mali termalari raqiblik qilmoqda.
Musobaqa 10-noyabrdan 2-dekabrga qadar bo‘lib o‘tadi. Unda 24 ta jamoa g‘oliblik uchun kuch sinashishni boshlagan.