Raqobat qo‘mitasi raisi Shorahmetov lavozimidan ketishi mumkin

Yihilishda aholida mahsulot sifati va narx-navosi bo‘yicha shikoyatlar ko‘pligi Raqobat qo‘mitasi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklardan dalolat ekani ta’kidlandi.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Shohrux Shorahmetovning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida kelgusi yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda tegishli topshiriqni berdi.
Yig‘ilishda yirik chakana savdo tarmoqlarida sotilayotgan quruq va tabiiy sutdan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni alohida belgilash amaliyotini joriy etish, ko‘chma go‘sht-sut shoxobchalarini tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.
Yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, ulardan mahsulot pulini olishdagi muammolar, aholida mahsulot sifati va narx-navosi bo‘yicha shikoyatlar ko‘pligi Raqobat qo‘mitasi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklardan dalolat ekani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan qo‘mita raisi Shorahmetovning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqish topshirildi.
Shorahmetov o‘tgan yil dekabrida Raqobat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangan edi.