Paxtani qayta ishlash uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda — Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston paxtani qayta ishlash natijasida, $ 4,5 milliard dollarlik mahsulot eksport qilishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekistonda paxta xom-ashyosini to‘liq qayta ishlash uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.
"Bu yilgi paxta hosilini to‘liq qayta ishlash natijasida 2024-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 9,6 milliard dollarga, eksportni esa 4,5 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilindi", - deyiladi xabarda.
Buning uchun sohadagi korxonalarga kerakli imtiyozlar yaratib beriladi. Xususan, gazlama-mato, bo‘yash va tikuvchilik korxonalari uchun:
bo‘yalgan matoni 50 foizdan kam bo‘lmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘laydi, ularga mol-mulk solig‘ini 3-yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;
2025 yil 1-yanvarga qadar paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;
to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.
Yuqorichirchiqda gazlama ishlab chiqarish va bo‘yoqxonalar tashkil qilish, Qoraqalpog‘istonda sun’iy tola, gazlama-mato ishlab chiqarish va bo‘yoqxona tashkil etish bo‘yicha loyihalar boshlangan.
Ushbu korxonalar kelgusi yil ishga tushirilib, tadbirkorlarga sanoat ipotekasi asosida beriladi. Hududlar rahbarlariga shunday yirik loyihalarni amalga oshirish hisob-kitob qilishga ko‘rsatma berildi.