Mirziyoyev va Raisiy ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish yo‘llarini muhokama qildi

O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida 9-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi, logistikada o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. O‘zbekiston va Eron rahbarlari madaniy-gumanitar va ilm-fan sohasidagi almashinuvlarni rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdilar.
Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan Afg‘onistondagi bugungi vaziyat nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqildi.