Energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish — Emomali Rahmon IHT sammitida nimalar dedi?

Emomali Rahmon sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkentda o‘tkazilgan sammitida so‘zlagan nutqida tashkilot salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar bermoqda.
“Biz tuzilma doirasida yaratilgan mexanizmlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishni istaymiz”, — dedi u.
Xususan, Emomali Rahmon sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
“Shu nuqtayi nazardan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi fonida uyg‘un ishlashni ta’minlovchi barcha omillarni hisobga olgan holda investitsiya va ishlab chiqarish komplekslarini yaratishni rag‘batlantirish zarur, deb hisoblayman”, — dedi u.
Tojikiston prezidenti boshqa yetakchilar qatori energetika sohasidagi hamkorlik masalasiga, xususan, mintaqa davlatlarining ortib borayotgan talabini qondirish uchun IHT mintaqasida energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va qayta tiklanadigan manbalardan foydalanish zarurligiga katta e’tibor qaratdi.
“Davlatlararo elektr uzatish liniyalarini qurish loyihalarini, jumladan, CASA-1000 loyihasini amalga oshirish IHTning energetika salohiyatini sezilarli darajada oshirishi mumkin”, — dedi Emomali Rahmon.
U mintaqa davlatlarining sayyohlik salohiyati va hukumatning turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini hisobga olgan holda o‘zaro hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi sifatida turizmniqayd etdi.
Toshkentda 7-8 noyabr kunlari Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining XVI sammiti bo‘lib o‘tmoqda. IHT mintaqaviy ko‘p tomonlama tuzilma bo‘lib, uning maqsadi mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashishdir.
Tashkilot 1985-yilda tashkil etilgan. Uning doimiy faoliyat yurituvchi kotibiyati Tehron shahrida joylashgan. Bugungi kunda tashkilotga O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston a’zo. O‘zbekiston 1992-yilda IHT a’zosi bo‘lgan.