Xitoyliklar Farg‘ona viloyatida makkajo‘xori yetishtirmoqchi

Farg‘ona viloyati Pekin bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Sputnik
TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Farg‘ona viloyatida Pekin qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik akademiyasi qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan makkajo‘xori ekish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Pekin qishloq xo‘jaligi va o‘rmonchilik akademiyasi qoshidagi ilmiy-tadqiqot markazi vakillarini qabul qildi. Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida hamkorlik muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ilmiy-tadqiqot markazi ishlab chiqarayotgan urug‘lar va ko‘chatlar Farg‘ona viloyati iqlimiga mos keladi.
“Hamkorlikning dastlabki bosqichida tajriba sifatida viloyatimizda ma’lum bir maydonda g‘alladan keyin ozuqa-yem uchun mo‘ljallangan makkajo‘xori o‘rniga markaz tomonidan ishlab chiqilgan shirin makkajo‘xorini ekishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, viloyat seleksioner-olimlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya kelgusi oyda Pekinga boradi. Ular makkajo‘xori urug‘ining tajriba partiyasini birgalikda tayyorlashda ishtirok etadi.
Xitoy makkajo‘xorichiligida asosiy o‘rinni egallab kelayotgan bu urug‘ni hozir Vyetnam va Pokistonda ham juda katta maydonlarda ekish yo‘lga qo‘yilgan.