TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Samarqandda shaxmatning tezkor turlari rapid va blis bo‘yicha FIDE jahon chempionati 2023-yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE).
O‘zbekistonning qadimiy shahri Samarqandda 26-30 dekabr kunlari rapid va blis bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Besh kun davom etadigan ushbu turnirda tezkor va blis bo‘yicha jahon chempioni nomiga da’vogarlik qiluvchi jahonning eng kuchli shaxmatchilari ochiq va ayollar toifalaridagi bahslarda ishtirok etish uchun to‘planadi, — deyiladi xabarda.
Joriy yilning dekabr oyida tarix va shaxmat Yer yuzidagi eng qadimiy aholi punktlaridan biri Samarqandda uchrashadi. Samarqand tarixiy Ipak yo‘li savdo yo‘li bo‘ylab hal qiluvchi shahar bo‘lib, shaxmat uchun ham tarixiy ahamiyatga ega.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, musobaqaning Samarqandda o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki aynan shu yerda 1977-yilda dunyodagi eng qadimiy shaxmat donalari topilgan bo‘lib, ular milodiy 6-8-asr boshlariga to‘g‘ri keladi.
"FIDE O‘zbekistonning shaxmat bo‘yicha boy an’analarini va uning yaqinda shaxmat bo‘yicha super davlat sifatida paydo bo‘lganini e’tirof etadi. Shaxmatga bo‘lgan ana shunday fidoyilik va sarmoya bizni ushbu nufuzli musobaqaga mezbonlik qilishni O‘zbekistonga ishonib topshirishimizga olib keldi", - dedi FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich.
“O‘zbekiston 2026-yilda shaxmat Olimpiadasiga ham mezbonlik qiladi – rapid va blis chempionati yirik musobaqaga mezbonlik qilishga, albatta, tayyorgarlikni yanada kuchaytiradi”, — deya qo‘shimcha qildi Dvorkovich.
O‘zbekiston shaxmat olamida jadallik bilan yuqoriga ko‘tarildi. Yaqinda yakuniga yetgan FIDE Grand Swiss musobaqasida o‘zbekistonlik uch nafar shaxmatchi kuchli yigirmatalikdan joy oldi. O‘zbekiston 2022-yilgi shaxmat Olimpiadasida 188 ta jamoa o‘rtasida Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinni egallagani ham alohida e’tiborga loyiq, deyiladi xabarda.
Ayni damda O‘zbekistonning dunyoning kuchli 100 talikka kiruvchi to‘rt nafar shaxmatchi bor, jumladan, Nodirbek Abdusattorov 2021-yil rapid bo‘yicha jahon chempioni (17 yoshida) unvonini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi bo‘ldi.