TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Ayrim mamlakatlar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlaridagi qonuniy hokimiyat, an’anaviy qadriyatlar va umuman olganda vaziyatni izdan chiqarib, barbod qilishga urinmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH Xavfsizlik kengashi kotiblari uchrashuvi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida ma’lum qildi.
“Global beqarorlik Yevroosiyoga ham ko‘chmoqda. Boz ustiga, ayrim mamlakatlarning xatti-harakatlari MDH mamlakatlarida qonuniy hokimiyat, jamiyat barqarorligi va an’anaviy qadriyatlarni barbod qilishga, bizning yaqin savdo, kooperatsiya, madaniy aloqalarimizni buzishga bevosita qaratilgan”, - dedi Rossiya rahbari.
Putin MDH mamlakatlari uchun terrorizm va uyushgan jinoyatchilik, narkotik savdosi va noqonuniy migratsiya, radikalizm va ekstremizm hamda iqtisodiy, axborot, texnologiya va biologik sohasidagi xatarlar kabi umumiy tahdidlar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratdi.
Rossiya yetakchisining ta’kidlashicha, bularning bari muvofiqlashtirilgan munosabat bildirishini talab etadi.
Putin xavfsizlik kengashi orqali hamkorlik bundan keyin ham MDH mamlakatlari barqarorligi va xavfsizligini mustahkamlashga, umumiy maqsadlarga erishish uchun kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.