TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Kollej va texnikumlarga tavsiya etilmagan abituriyentlarni vakant o‘rinlarga qabul qilish imkoniyati yaratildi. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlikining tegishli buyrug‘i bilan 2023/2024 o‘quv yilida my.uzbmb.uz platformasi orqali kollej va texnikumlarda (yuridik texnikumlar bundan mustasno) o‘qish istagida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarni qabul parametri doirasida mavjud vakant o‘rinlarga qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Bunda birinchi navbatda, abituriyentlar test natijalari bo‘yicha ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda qabul qilinadi.
Shuningdek, qabul yakunlari bo‘yicha shakllanmagan (o‘quvchilar soni 12 nafardan kam bo‘lgan) guruhlarga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar arizasiga ko‘ra, grant asosida boshqa kasb (mutaxassislik)ga o‘zgartirishi mumkin.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga test sinovlarida ishtirok etib, o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar faqat ushbu texnikumdagi mos mutaxassislik bo‘yicha vakant o‘rinlarga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
“Ushbu texnikumlarning vakant o‘rinlariga mos mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga da’vogar abituriyent bo‘lmagan taqdirda, mazkur muassasaning boshqa mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar qabul qilinishiga ruxsat beriladi”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassisliklarga tavsiya etilmagan abituriyentlar boshqa kollej va texnikumlardagi vakant o‘rinlarga o‘qish uchun ham murojaat etishlari mumkin.
Vakant o‘rinlariga o‘qish istagida bo‘lganlar 13-noyabr kuniga qadar professional ta’lim muassasasi ma’muriyatiga murojaat qilishlari lozim.