G‘arb islom olamini o‘z dushmaniga aylantirdi — Aleksandr Dugin
Bugungi G‘arb va Isroil — Iso Masih sivilizatsiyasi emas, ular Dajjol sivilizatsiyasi. Islom olami ularga qarshi kurashsa bu nasroniylarga qarshi urush bo‘lmaydi.
SputnikIsroil va G‘azo sektorida birin-ketin ikkita falokat sodir bo‘ldi: HAMASning yahudiy davlatiga hujumi - ko‘plab tinch aholi qurbonlari va garovga olinganlar. Ikkinchisi — Isroilning G‘azo sektoriga o‘ta shafqatsiz va bir necha baravar kuchli javob zarbalari. Isroil armiyasining quruqlikdagi operatsiyasi vaziyatni yanada dahshatli qildi va halok bo‘lganlar, jumladan, bolalar, ayollar va qariyalar soni tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada ko‘paydi.
Ikkalasi ham insonlarning tabiiy huquqlarini qo‘pol ravishda buzish, insoniyatga qarshi jinoyatdir va hech qanday asosga ega emas. Ammo shu bilan birga, Isroil tomonidan qo‘llanilgan lex talionis (jon uchun jon) tamoyili G‘azo sektori aholisining dahshatli qirg‘ini, haqiqiy keng miqyosli genotsidga olib keldi. HAMAS terrorchilik aktini amalga oshirdi, Isroil esa keng ko‘lamli genotsid akti bilan javob berdi. Har ikkala tomon ham o‘zlarini qonun va siyosiy qarama-qarshilik hal qilishning insoniy usullaridan tashqariga qo‘ydi.
Ammo keyin geosiyosat boshlanadi. Isroil jinoyati ko‘lami ancha katta bo‘lsa-da, G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealarning chuqurroq geosiyosiy ildizlari bor. Keling, ularni alohida ko‘rib chiqaylik.
Ayni damda dunyo o‘tish davrini boshdan kechirmoqda. Bugungi kunda, (Sovet lageri parchalanganidan keyin paydo bo‘lgan) bir qutbli dunyodan ko‘p qutbli dunyoga o‘tish davri boshlangan. Ko‘p qutbli dunyoning qutblari allaqachon ko‘rinmoqda. Bular Rossiya, Xitoy, Islom olami, Hindiston, Afrika va Lotin Amerikasi.
Aslida, ularning bari mustaqil sivilizatsiyalar. Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan BRIKS sammiti barcha sivilizatsiyalarni birlashtirdi — Saudiya Arabistoni, Eron va Misrning kirishi islom dunyosining asosiy davlatlarining mavjudligini anglatadi, Efiopiya Afrika omilini kuchaytiradi, va Argentina — Janubiy Amerika mamlakatlari yadrosini to‘ldiradi. Ko‘p qutbli dunyo kun sayin o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda. G‘arb gegemonligi zaiflashmoqda.
Biroq, G‘arbning globalist rahbariyati va birinchi navbatda, Qo‘shma Shtatlar har qanday holatda ham bir qutblilikni saqlab qolishga intiladi va o‘zining to‘liq harbiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va mafkuraviy hukmronligini ta’kidlaydi.
Bizning davrimizning asosiy kurashi: bir qutblilik va ko‘p qutblilik o‘rtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi, jahon siyosatidagi asosiy qarama-qarshilik va jarayonlarni ana shu nuqtayi nazardan ko‘rib chiqish zarur. Bu Ukrainadagi mojaroni tushuntirib beruvchi suveren Rossiyani mustaqil qutb sifatida qayta tiklanadigan kuchsizlantirish istagi.
Shu bilan birga, Rossiya sho‘rolar davridagidek ikki qutbdan biri bo‘la olmasligini yaxshi tushunadi. Yangi sivilizatsiyalar bosh ko‘tarmoqda va Rossiya ularda haqiqiy ko‘p qutbli dunyoda teng ittifoqchilar va sheriklarni ko‘radi. Dunyo buni hali anglab yetmagan, lekin asta-sekin ko‘p qutbli ong o‘sib, mustahkamlanib bormoqda.
Xuddi shu narsa bir qutblilik va ko‘p qutblilik o‘rtasidagi navbatdagi front chizig‘iga aylanishi mumkin bo‘lgan Tayvan muammosiga ham tegishli - bu safar Tinch okeanida.
Ammo Isroildagi voqealar, HAMAS hujumi va Isroilning falastinliklarni genotsid qilishi — yangi front chizig‘ini ochdi. Endi G‘arb Isroilni so‘zsiz va bir tomonlama, xolisona (Ukrainada bo‘lgani kabi), Isroil armiyasining G‘azo sektori tinch aholisiga qarshi amalga oshirgan ochiq-oydin jinoyatlariga qaramay, qo‘llab-quvvatlash orqali — butun islom olami bilan qarama-qarshilik bosqichiga kirdi.
Shunday qilib, yana bir qutb – islomiy qutb maydonga chiqdi. Isroilning G‘azo sektori va qolgan Falastin hududlarida qilayotgan ishlari va mahalliy aholi o‘z yerlarida gettolar va rezervatsiyalarga aylangan Falastin aholisiga nisbatan o‘tmishdagi adolatsizliklarni hisobga olgan holda, islom olami o‘z birligini his qilmasligi mumkin emas.
Falastin masalasi bugungi kunda sunniylar, shialar, turklar, eronliklar va Yaman, Suriya, Iroq yoki Liviyadagi ichki mojarolarning barcha qarama-qarshi tomonlarini birlashtiradi.
Bu Pokiston va Indoneziya, Malayziya va Bangladeshdagi musulmonlarga bevosita ta’sir qiladi. Bu AQSh va Yevropa, Rossiya yoki Afrikada yashovchi musulmonlarni befarq qoldirmaydi. Va, albatta, G‘azo va G‘arbiy Sohildagi falastinliklar, siyosiy kelishmovchiliklarga qaramay, bugun o‘z qadr-qimmati uchun kurashda birlashgan.
So‘nggi o‘n yilliklarda Qo‘shma Shtatlar Falastin masalasi atrofida musulmonlarning birlashishini yumshatib, ularni guruhlarga bo‘lib, kuch va ayyorlik bilan Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga majburlashga muvaffaq bo‘lgan edi. Ammo bu siyosatning barchasi so‘nggi bir oy ichida puchga chiqdi. Isroilni G‘azo sektorida butun insoniyat oldida amalga oshirgan ishlaridan keyin ham aniq qo‘llab-quvvatlash islom olamini ichki qarama-qarshiliklarni yengib o‘tishga va G‘arb bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikka kirishga majbur qiladi.
Isroil, xuddi Ukraina kabi, G‘arb gegemonligi vositasidir — takabbur va shafqatsiz, har qanday jinoyat, irqchilikka qorilgan nutqlar va harakatlarni amalga oshirishdan toymaydigan. Lekin ular muammoning eng kattasi emas. Ular shunchaki geosiyosatning asboblari — bir qutbli dunyoning geosiyosiy vositasi.
Yaqinda Rossiya prezidenti G‘arb o‘rgimchak misoli butun dunyo bo‘ylab adovat va nifoq to‘rini to‘qiyotgani haqida gapirganda, aynan shu narsani ta’kidlagan edi. U, xususan, globalistlar va ularning mustamlakachilarning "bo‘l va zabt et" taktikasini nazarda tutgan edi. Ammo bir qutbli dunyoni va G‘arb gegemonligini saqlab qolishga astoydil harakat qilayotganlar strategiyasining mohiyatini tushunsak, unga qarshi kurashishning muqobil modelini ongli ravishda qurishimiz, ko‘p qutbli dunyoni yaratish sari ishonch bilan birgalikda harakat qilishimiz mumkin.
G‘azo sektori va butun Falastindagi mojaro — islom sivilizatsiyasi oldiga qo‘yilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiriqdir. Faqat biror muayan xalqlar yoki barcha arablar emas, aslida G‘arb, butun Islom dunyosi bilan urushga kirishdi.
Buni deyarli barcha rahbarlar juda yaxshi tushunadi: Salmon bin Abdulaziz Al Sauddan tortib Erdo‘g‘ongacha, Oyatulloh Xomanaiydan Pokiston rahbariyatigacha, Tunisdan Bahrayngacha, salafiy va vahhobiylardan tortib shia va so‘fiylargacha. Falastinning o‘zida, Suriya, Liviya, Livan, shialar va sunniylar siyosiy muxoliflari endi o‘z qadr-qimmatini himoya qilishlari, musulmonlar mustaqil suveren sivilizatsiya ekanligini isbotlashlari kerak.
Erdo‘g‘on G‘arbni jihod bilan qo‘rqitib, Salib yurishlarini esladi. Lekin bu taqqoslash vaziyatga mutlaq mos kelmaydi, chunki zamonaviy globalistik G‘arbning nasroniy sivilizatsiyasi bilan hech qanday umumiyligi yo‘q. Ko‘p asrlar oldin G‘arb xristian madaniyati bilan aloqalarini uzib, materializm, ateizm va individualizm tarafiga o‘tib ketgan edi.
Nasroniylikning faqat moddiy manfaat, o‘z foydasini ko‘zlash, buzuqlikni qonuniylashtirishga va kasallikni norma deb e’lon qilish hamda insondan keyingi davrni tan olishga tayyor bo‘lishga hech qanday aloqasi yo‘q.
Zamonaviy G‘arb nasroniylikka qarshi hodisa bo‘lib, uning ichida yoki tashqarisida hech qanday xoch yo‘q. Boz ustiga Isroil — yahudiy va dunyoviy davlat bo‘lib, nasroniylikdan yanada uzoqroq. Shunday qilib, agar musulmon olami G‘arb bilan to‘qnashsa, u Iso Masihning sivilizatsiyasi bilan emas, balki Antixrist yoki Dajjol sivilizatsiyasiga qarshi kurashgan bo‘ladi.
Aleksandr Dugin — rossiyalik faylasuf, siyosatchi, yozuvchi va tarjimon, Katta Yevroosiyo g‘oyasi tarafdori.