Xitoy kompaniyasi Farg‘onaga qurilish sohasida investitsiya kiritadi

Xitoy kompaniyasi investitsiyalari hisobiga Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida 10 ta 12 qavatli turar-joy binolaridan iborat majmua qurish loyihasi muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Xitoy kompaniyasi Farg‘ona viloyatiga qurilish sohasida investitsiya kiritadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Szan Yunsan boshchiligidagi Xitoyning "Shanxi construction engineering" kompaniyalar guruhi vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi investitsiyalari hisobiga Farg‘ona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida 10 ta 12 qavatli turar joy binolaridan iborat majmua qurish loyihasi muhokama qilindi.

Szan Yunsan bu binolarni barpo etish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshishi ortidan viloyatda qurilish sohasidagi yanada yirik loyihalarga kirishishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

“Xitoyning eng yaxshi 80 pudratchi korxonasi” ro‘yxatiga kiritilgan "Shanxi construction engineering" Farg‘onada barpo etiladigan turar joylarda Xitoy loyihasozligining eng yaxshi yutuqlarini mahalliy arxitektura bilan uyg‘unlashtirgan holda tatbiq etishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Xitoyning boshqa bir kompaniyasi – “Xueyjenshi” rahbarlari ham yaqinda Farg‘ona viloyati hokimi qabulida bo‘lib, Ekoshahar hududida turar-joy majmuasi barpo etish bo‘yicha o‘z loyihalarini taqdim etgandi.