TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Jidda shahrida “Islomda ayollar” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi qatnashmoqda, deya xabar berdi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati.
Delegatsiya tarkibida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva ham ishtirok etmoqda.
“Islomda ayollar” xalqaro konferensiyasi xotin-qizlarning muvaffaqiyati, taraqqiyotdagi roli va hissasi, jamiyatdagi o‘rnini ta’kidlash, islomda ayollar huquqini kamsituvchi shubha va noto‘g‘ri qarashlarga munosabat bildirishdan iborat.
Mazkur tadbirda “Jamiyatda adolatni targ‘ib qilish va ayollar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha huquqiy islohot va siyosiy tashabbuslar bo‘yicha yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
5 ta ishchi sessiyada ayollarning maqomi va huquqi, ta’lim va mehnat imkoniyatini kengaytirish istiqboli, zamonaviy jamiyatda xotin-qizlar bilan bog‘liq turli masalalar muhokama qilinadi.