Kuz-qish mavsumida immunitetni qanday ko‘tarish mumkin? – mutaxassis javobi

Kuz-qish mavsumida aksariyat insonlarni aynan immunitetni ko‘tarish masalasi ko‘p o‘ylantiradi. Ko‘pchilik shamollashni bartaraf etish uchun albatta qimmatbaho dori-darmon vositalarini ichish kerak deb hisoblaydi. Aslidachi, aslida ham shundaymi?
Sputnik
Immunitetni ko‘tarishda tabiiy mahsulotlar kuchliroqmi yoki dori-darmon vositalari? Insonda immunitet tushib ketish alomatlari qanday? Kuz-qish mavsumida immunitetni ko‘tarish uchun qanday mahsulotlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq? Bolalar immunitetini qay yo‘l bilan ko‘tarish mumkin? Sputnik muhbiri shu va shu kabi savollarga tibbiyot fanlari doktori, Fanlar Akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti Autoimmun xolatlar laboratoriyasi mudiri Umida Nabiyevadan javob oldi.
Umida Nabiyeva

Insonda immunitet tushib ketish alomatlari qanday?

— “Immunitet tushib ketishi” degan tushuncha umuman noto‘g‘ri. Chunki to‘g‘ma immun tanqis xolatlarni (ular 3-5% uchraydi) inobatga olmasak har bir organizm uchun immuniteti faollik darajasi hozirgi vaqtda kerakli darajada bo‘ladi. Bizning asosiy vazifamiz o‘zimizning organizmga imkon qadar sharoitlar yaratib berishdir. Bu degani: to‘g‘ri ovqatlanish, optimal miqdorda jismoniy faollikni bajarish, va asosiysi ruxiy muvozanatga ega bo‘lishdir. Tez-tez shamollab turishimiz, bitta kasallikdan ikkinchisiga chalinish aynan yuqorida aytilgan sharoitlar bajarilmayotganligidan dalolat beradi. Shuning uchun tez-tez shamollash xolatlarida dorixonaga yugurish o‘rniga o‘zimizga nazar tashlashimiz kerak, chunki kasalligimiz sababi tashqarida emas o‘zimizda bo‘ladi.

Bolalar immunitetini qay yo‘l bilan ko‘tarish mumkin?

— Ha, bu ko‘pchilikni qiynaydigan muammo. Bilasizmi, farzandlarimizning immuniteti kuchli bo‘lishi uchun ularni go‘daklik davridanoq chiniqtirish lozim. Ustini qalin o‘ramaslik, tez-tez vannada cho‘miltirish, ochiq havoda ko‘p sayr qildirish ilk muolajalarga kiradi.
Ko‘pchilik onalar maktab yoshidagi farzandlari tez-tez shamollashidan shikoyat qiladi. Maktabda, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda ko‘pincha bog‘chaga bormagan bolalar shamollashga moyil bo‘ladilar. Gap shundaki, bola jamoaga (xoh bog‘cha, xoh maktab bo‘lsin) tushgandan keyin “infeksiya to‘dasi”ga duch keladi, unda esa bu “to‘da”ga qarshi xech qanday immunitet yo‘q. Shunung uchun bog‘chaga bormagan butunlay sog‘lom bolalar ham maktabning boshlang‘ich davrida tez-tez kasallanadilar. Bunday bolalarga e’tiborli bo‘lish lozim. Bolalarni to‘g‘ri, va o‘z vaqtida ovqatlanishini ta’minlash, kun tartibiga rioya qilish lozim.
Ba’zan bolaning ketma-ket kasalliklarga chalinishi uning ruhiyatidagi muammolardan darak beradi. Ayrim bolalar darsliklarni vaqtida o‘zlashtirmasliklari mumkin. Shuning uchun onalarni bolani maktabga erta berishdan ogoxlantiramiz. Shoshmashosharlik hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi, natijada bolaning ham jismoniy ham ruxiy sog‘ligiga zarar yetkaziladi.
Ba’zan ota-onalarimiz ortiqcha “tirishqoqligi” tufayli farzandlarini to‘liq davolamasdan 1-2 kundayoq maktabga yuboradilar. Bu holatda arzimagan yelvizak yoki terlash sababli kasallik qaytalanishi mumkin.
Bu kabi noxush holatlarning oldini olish uchun farzandingiz betob bo‘lgan paytda uni kamida 4-5 kun davomida uyda saqlash, tana harorati 37 darajadan oshgan taqdirda yotish rejimiga rioya etish, bolani albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tkazish, tegishli davolash choralarini ko‘rish lozim. Ammo davolashni ham ko‘paytirmaslik kerak, ba’zan ota-onalar o‘tkazilayotgan davoning samarasini oshirish uchun juda kuchli ta’sir etuvchi va asosan kattalarga tavsiya qilinadigan dori vositalardan foydalanishadi. Bu esa bolaning shakllanishi ohiriga yetmagan immun tizimiga kuchli zarar ko‘rsatadi. Chunki immun tizimda eng asosiysi - bu turli bo‘limlarning orasidagi muvozanati. Ushbu xolat buzilsa, uning o‘z xolatiga keltirish juda ko‘p vaqtni talab qiladi.

Immunitetni ko‘tarishda tabiiy mahsulotlar kuchliroqmi yoki dori-darmon vositalari?

— Eng avvalo, oddiy gigiyena qoidalariga rioya etishdan boshlash kerak. Ko‘chadan kelgan doimiy ravishda ko‘llarni sovun bilan yuvish shart. Ko‘chada kiyilgan ustki kiyimlarni uyda almashtirish lozim, ayniqsa go‘dak yoshdagi bolalar bo‘lgan oilalarda.
Va albatta, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga e’tibor berish kerak. Ovqatlanishda tayyor yoki yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari (kolbasa, sosiska, ketchup, mayonez, tuzlama, achchiq ta’mli sous, rangli va gazli ichimliklar va h.k.) ni imkon qadar kamroq iste’mol qilish lozim. Negaki, bu mahsulotlar qiyin hazm bo‘lishi tufayli asta-sekin oshqozon-ichak tizimini ishdan chiqaradi. Buning natijasida inson disbakterioz (oshqozon-ichak mikroflorasi ishining buzilishi)ga chalinadi. Bu esa mahalliy immunitetni pasaytiradi.
Taomnoma vitaminlarga boy bo‘lishi lozim. Oqsillardan tashqari, organizmimiz A, V5, V6, V12, E,S, RR vitaminlari hamda temir, ruh, selen, yod kabi mikroelementlarga muhtoj. Ular antioksidant (tanadan zaharli moddalarni chiqaruvchi hamda saratonga qarshi kurashish xususiyati)ga egadirlar. Ularning yetishmovchiligi immun hujayralar faolligini pasaytiradi.
Immunitet pasayganda, oshqozon-ichak, jigar, o‘t pufagi sohasidagi muammolarda oddiygina na’matak, do‘lana, shotut mevalari yordamga keladi. Ular vitaminlarga nihoyatda boy sanaladi.
Bundan tashqari, xar bir inson, ayniqsa farzandlarimiz jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari lozim. Bu mashg‘ulotlar organizmning o‘z kuchini tiklab, xar bir kasallik bilan ko‘rashishga yordam beradi.

Kuz-qish mavsumida immunitetni ko‘tarish uchun qanday mahsulotlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq?

— Ovqatlanish sog‘lom turmush tarzining asosi bo‘lib, hayot sifatini belgilaydi. Ammo bu degani, turli noyob yoki juda qimmat mahsulotlardan foydalanish kerak degani emas. Siz ekzotik mevalar, noyob ziravorlar, g‘alati mevalarni iste’mol kilishga qiziqishingiz kerak emas, chunki bunday mahsulotlar odatda eksport qiluvchi mamlakatlardan kerakli holatda yetkazib kelgunicha ularga turli kimoviy ishlov beriladi, bu esa odam organizmiga foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon yetkazadi.
Ratsionga ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini kiritish haqiqatan ham inson immunitetini mustahkamlashga yordam beradi. Buning uchun antioksidantlar, vitaminlar va mikroelementlarga boy oddiy oziq-ovqatlar juda mos keladi. Yashash joyingizda yoki yaqinida o‘sadigan mevalar, sabzavotlarning harkungi ratsioningizda mavjudligiga e’tibor berishingiz kerak. Chunki oqilona ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik, yomon odatlardan voz kechish salomatlik va kuchli immunitetning kalitidir.
Kerakli va foydali maxsulotlar ruyxati:
Qora shokolad – qora shokolad immunitet tizimini mustahkamlashga yordam beradi, ammo uni meyorida iste’mol qilish tavsiya etiladi. Chunki bu juda yuqori kaloriyali mahsulotdir. Qora shokolad tarkibida teobromin mavjud. Ushbu antioksidant organizm hujayralarini patogenlar bilan aloqa qiladigan erkin radikallardan himoya qiladi.
Kurkuma – ziravorlarning foydasi qadim zamonlardan beri ma’lum bo‘lgan. Bu nafaqat o‘ziga xos ta’m, hidi uchun emas. Kurkuma tarkibiga kirgan kurkumin tufayli immunitet reaksiyasini faollashtirishga yordam beradi. Modda antioksidant va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega. Ushbu modda farmatsevtika sanoatida ayrim dorilarni ishlab chiqarish uchun ham ishlatiladi.
Baliq – bu oziq-ovqatda Omega - 3 va D vitamini immunitet reaksiyasini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Turli baliqlar go‘shtida yuqorida aytilgan moddalardan tashqari ya’na boshqa foydali nutriyentlar bo‘ladi. Baliq mahsulotlarini iste’mol qilish miya to‘qimasining faol rivojlanishiga yordam berish bilan bir qatorda autoimmun kasalliklarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Karam – bu mahsulot tarkibida turli vitaminlar borligi bilan mashhur. Oq karam va brokkoli tarkibidagi S vitamini konsentratsiyasi ayniqsa yuqori. S vitamini shamollash alomatlarning davomiyligini pasaytiradi, nafas olish kasalliklaridan keyin tiklanish davrini qisqartiradi. Undan tashqari qaram tarkibida sulforafan kabi antioksidantlar ham mavjud. Ushbu mahsulotlarni sotuvda ham tabiiy, ham muzlatilgan holda topish mumkin. Shok muzlatishdan foydalanganda mahsulotlar foydali fazilatlarini yo‘qotmaydi va tabiiylardan kam emas.
Sabzi va qovoq – to‘q sariq rangli sabzavot va mevalarning tarkibi beta-karotinni o‘z ichiga oladi, bu mevalarga yorqin rang beradi. Beta-karotin A vitaminining manbai bo‘lib, terining sog‘lom bo‘lishiga yordam beradi, uni ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi. A vitamini ko‘rish organlarining sog‘lig‘iga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ko‘katlar – petrushka, ukrop, shpinat immunitet tizimini faollashtirishga yordam beradi. Ularda turli xil vitaminlar va antioksidantlar mavjud. Flavonoidlar va karotenoidlar ORVI infeksiyalarini oldini olishga yordam beradi. Vitamin C, E kabi vitaminlar immunitet tizimining shilliq qavatlarining butligini tiklash orqali sog‘liq uchun xavfli patogenlarga qarshi kurashishda yordam beradi.
Yong‘oqlar – yong‘oqlar turli xil salatlar, shirinliklar tayyorlash uchun ishlatiladi. Ular yo‘lda yoki aylanishlar paytida oson ovqatlanish (sneklar) sifatida olish uchun qulaydir. Yong‘oqlar tarkibiga nafaqat vitaminlar, undan tashqari bir qancha minerallar ham kiradi.
Yuqorida aytib o‘tilgan mahsulotlardan tashqari, boshqa ko‘plab sabzavotlar, mevalar va ko‘katlar immunitetni faol holatda bo‘lishi uchun javob beradi. Oziq-ovqat mahsulotlarining xilma-xilligiga katta ahamiyat qaratish lozim.