TOShKENT, 05 noya — Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tadigan sammit munosabati bilan ayrim ko‘chalarda harakatlanish cheklanadi, deya xabar berdi IIBB.
O‘zbekiston 8, 9-noyabr kunlari “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti”ning 16-sammitiga mezbonlik qiladi. Tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida 8-noyabrdan 10-noyabrgacha Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida harakatlanish cheklanadi.
8 noyabrdan 10-noyabrgacha Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida harakatlanish cheklanadi.
© Glavnoe upravlenie vnutrennix del goroda Tashkenta
Jumladan:
Islom Karimov nomidagi aeroport maydonidan Bobur ko‘chasi bo‘ylab Bobur - Shota Rustaveli chorrahasigacha;
Nukus - Bobur chorrahasidan Nukus ko‘chasi bo‘ylab Movarounnahr ko‘chasigacha;
Oybek - Turkiston chorrahasidan Oybek, Afrosiyob va Olmazor ko‘chalari;
Islom Karimov - Bunyodkor chorrahasidan Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab Amir Temur – Islom Karimov chorrahasigacha;
Sharof Rashidov - Afrosiyob chorrahasidan Sharof Rashidov ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa aylanma yo‘ligacha;
Navoiy - Mustaqillik chorrahasidan Navoiy – Labzak chorrahasigacha;
Furqat – Beshog‘och chorrahasidan Beshog‘och ko‘chasi bo‘ylab Islom Karimov – Beshog‘och chorrahasigacha;
Olmazor – Islom Karimov chorrahasidan Olmazor ko‘chasi bo‘ylab Navoiy ko‘chasigacha.
“Harakatlanish cheklangan ko‘chalarda Tez-tibbiy yordam, favqulodda vaziyatlar bo‘linmalari transport vositalariga istisno tariqasida harakatlanish uchun ruxsat beriladi”, deyiladi xabarda.
Xabarda haydovchilarga shu kunlardan yo‘llarda tirbandliklarni oldini olish maqsadida aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya etilgan.
Shuningdek, shu kunlarda Toshkent shahridagi yuk tashuvchi transport vositalarining shahar markazida harakatlanishi to‘liq to‘xtatiladi.
Yuk tashuvchi transport vositalarining shahar markazida harakatlanishi to‘liq to‘xtatiladi.
© Glavnoe upravlenie vnutrennix del goroda Tashkenta
Sammit doirasida belgilanadigan vaqtinchalik cheklovlar sababli Vodiydan Vohaga hamda Vohadan Vodiyga harakatlanish 4P-12 avtomagistral yo‘li orqali amalga oshiriladi.