TOShKENT, 05 noya — Sputnik. Samarqandda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro kongress ish boshladi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Samarqand turistik markazida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VII Xalqaro kongressi ish boshladi. U 8-noyabrgacha davom etadi.
O‘zbekiston, Rossiya, Avstriya, Gretsiya, Eron, Turkmaniston, Turkiya, Hindiston va Ozarbayjon olimlari jahondagi o‘zbek kolleksiyalari haqida so‘z yuritadilar.
Samarqandda O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro kongress ish boshladi
© Anna Jelixovskaya
“Boshida loyiha diqqati mashhur markazlar va yirik muzeylarga, jumladan, Ermitajga qaratildi. Ammo vaqt o‘tishi bilan loyiha kichik kolleksiyalar va kam taniqli muzeylarni qamrab ola boshladi. Shu ma’noda, biz, loyiha ishtirokchilari uchun ko‘p narsa ochilmoqda - kimdir uchun yangi, kimdir uchun birinchi marta”, — deya qayd etdi Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lozmalari instituti direktori Irina Popova.
Taniqli akademik va san’atshunos olimlar, shuningdek, O‘zbekiston arxeologiya va me’moriy yodgorliklarini asrab-avaylash va o‘rganish masalalari, tarixiy va madaniy merosni ommalashtirish bo‘yicha kinoloyihalarni muhokama qiladilar.
Panel sessiyalardan biri Qozog‘iston va Qirg‘iziston muzeylaridagi O‘zbekistonning madaniy merosiga, Turkiyadagi shaxsiy kolleksiyalardagi o‘zbek milliy liboslariga bag‘ishlanadi.
Kongress doirasida “Eduard Rtveladze xotirasiga” kitobi va olimning raqamlashtirilgan kutubxonasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Kongress doirasida noyob ko‘rgazmalar ochilib, ularda O‘zbekiston me’moriy epigrafiyasi (qadimiy yozuvlari), sharq miniaturasidagi O‘zbekiston tarixiy shaxslari, hamda mashhur Qur’oni Karimning Katta Langardan saqlanib qolgan sahifalarining to‘liq faksimile nusxasi birinchi marta namoyish etildi.