Rossiya O‘zbekistonga neft xomashosi yetkazib berishni oshiradi

Hujjatda qayd etilishicha, kelishuvni amalga oshirishda “Omsk – Pavlodar – Chimkent – Shagir” neft quvuri orqali yuk tashishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 4 noya — Sputnik. 2024-yilda Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga neft xomashosi yetkazib berish hajmini 1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bu kecha, 3-noyabr kuni Moskvada imzolangan uch tomonlama hujjatda qayd etilgan.
Hujjatni Rossiya Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Pavel Sorokin, O‘zbekiston Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev va Qozog‘iston Energetika vaziri o‘rinbosari Yerlan Akkenjenov imzoladi.
Hujjatda qayd etilishicha, kelishuvni amalga oshirishda “Omsk – Pavlodar – Chimkent – Shagir” neft quvuri orqali yuk tashishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shartnomada tomonlarning uzoq muddatli asosda 2024-yilda va keyingi yillarda neft xomashosi yetkazib berishni 1 million tonnaga yetkazish bo‘yicha tijorat shartnomalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishi belgilab qo‘yilgan. Jumladan, neft xomashosining o‘zaro maqbul narxini kelishish hamda uning hajmini oshirishni hisobga olgan holda, tomonlarning mamlakatlari hududi bo‘ylab neft xomashosini to‘liq hajmda to‘sqinliksiz tashish ta’minlanadi.
Ushbu shartnoma quyidagi maqsadlarni amalga oshirishga imkon beradi:
joriy yilning 6-7 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida uch davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvni tezkorlik bilan amalga oshirish;
transport xarajatlarini hisobga olgan holda, temir yo‘l orqali yetkazib berishga nisbatan arzonroq bo‘lgan neft quvurlari ta’minotini rivojlantirish;
O‘zbekiston hamda chegaradosh hududlarning neft quvurlari infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish;
neft xomashosi bilan barqaror ta’minlash va O‘zbekistonda yuqori sifatli benzin hamda boshqa yoqilg‘i-moylash materiallarini ishlab chiqarish hajmining oshishi munosabati bilan O‘zbekistondagi neftni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan ikkita zavodning ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish;
benzin ishlab chiqarishning ko‘payishi O‘zbekistonda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ham kengaytirish imkonini yaratadi. Bu esa xizmat ko‘rsatish hamda yoqilg‘i sotish geografiyasi bo‘yicha aholiga sifat jihatidan yangi xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi;
Rossiya neft xomashosining barqaror ta’minoti mavjud neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilishga, shuningdek, yangilarini qurish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksport mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga yordam beradi.