Surxondaryoda 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi

Aniqlangan holat yuzasidan tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Surxondaryoda 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 milliard so‘mlik zarar yetkazilganligi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilishga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tadbirlarda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Xususan:
mil. avv. V–I asrlarga oid “Tallagan tepa” yodgorligining 40 m2 qismi kesib olinib, avtomobil yo‘li o‘tkazilishi oqibatida 888 mln. so‘mlik;
V–VIII asrlarga oid “G‘o‘rintepa” yodgorligining 200 m2 qismi buzilib, uy-joylar qurib yuborilishi oqibatida 4,7 mlrd. so‘mlik;
I–IV asrlarga oid “Xushvaqtepa” yodgorligining 12 m2 qismi kesib olinib, hojatxona qurilganligi oqibatida 266 mln. so‘mlik;
V–VII asrlarga oid “Toshtepa” yodgorligining 56 m2 tuproqlari kesib olinib, molxona qurilganligi oqibatida 1,2 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.