TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Rossiya IIV noqonuniy migrantlarga ayrim xizmat ko‘rsatishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda Rossiya IIV migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat yaqin orada ko‘rib chiqilishi uchun Rossiya Davlat dumasiga kiritiladi.
“Qonun loyihasi noqonuniy migrantlarga bank hisob-raqamini ochish, ya’ni pul o‘tkazish yo‘li yopiladi, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish, nikoh va biror bir mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish kabi xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlashni nazarda tutadi”, - dedi Kazakova.
Kazakova bunday choralar noqonuniy migrantlarni aniqlash va ularni Rossiyadan chiqarib yuborishga ko‘maklashishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada xorijliklar “Gosuslugi” orqali migratsiya ro‘yxatidan o‘tishlari mumkin bo‘lgani xabar qilingan edi.