TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Rossiya xalqlari o‘rtasida dushmanlik va ksenofobiya urug‘ini ekishga bo‘lgan barcha urinishlar barbod bo‘lishga mahkum, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya xalqlari” Butunrossiya forumi ishtirokchilari, tashkilotchilari va mehmonlariga yo‘llagan tabrigida.
“Ishonchim komilki, oramizga adovat, ishonchsizlik va ksenofobiya urug‘ini ekishga qaratilgan barcha urinishlar, Rossiyaga qarshi qaratilgan har qanday provokatsiya va tajovuzkor harakatlar — barbod bo‘ladi. Chunki biz yagona xalqmiz, bizni umumiy tarix, qardoshlik, do‘stlik va o‘zaro tushunish rishtalari bog‘lab turadi”, — deyiladi prezident telegrammasida.
Tillar, dinlar va urf-odatlarning xilma-xilligi Rossiyaning haqiqiy boyligidir, shuning uchun davlat har bir xalqning o‘ziga xosligini saqlashga katta e’tibor qaratmoqda, dedi Putin.
Millatlararo tinchlik va totuvlikni ta’minlash va an’anaviy qadriyatlarini mustahkamlash — asosiy vazifa bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Bu keng ko‘lamli ishlarga diniy, jamoat, ilmiy tashkilotlar, etnik-madaniy birlashmalarning jiddiy salohiyati to‘liq jalb etilishi muhim, dedi Rossiya rahbari.
Prezident, shuningdek, forum ishtirokchilari, tashkilotchilari va mehmonlariga muvaffaqiyatlar tiladi va ularni yaqinlashib kelayotgan bayram – Milliy birdamlik kuni bilan tabrikladi.
"Rossiya xalqlari" 2020-yildan beri har yili o‘tkaziladigan Butunrossiya forumidir. Forum umumrossiya fuqarolik o‘ziga xosligini va rus millatining birligini, millatlararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlash mexanizmlarini o‘rganish va rivojlantirishga yordam beradi. Forumda har yili Rossiya Federatsiyasining barcha tarkibiy tuzilmalari vakillari ishtirok etadi.