Falastin xalqi mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega — Mirziyoyev

Biz tashkilotimiz doirasida bu borada yakdil va qat’iy pozitsiyani bugun dunyoga e’lon qilishimiz zarur, dedi prezident.
Sputnik
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Falastin-Isroil muammosining yagona va eng adolatli yechimi – nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida ta’kidladi.
“Bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq meyorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda. Ayniqsa Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Isroil–Falastin muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir”, - dedi Mirziyoyev.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Falastin xalqi BMT Rezolyutsiyalarida belgilanganidek mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega.
“Biz tashkilotimiz doirasida bu borada yakdil va qat’iy pozitsiyani bugun dunyoga e’lon qilishimiz zarur”, - dedi prezident.