Viktor Orban Qozog‘istonda: Uyga qaytish har doim yoqimli

Vengriya hududida 13-asrning birinchi yarmida To‘rg‘ay dashtlaridan ko‘chib kelgan qipchoq qabilalarining avlodlari yashaydi.
Sputnik
TOShKENT, 2 noya – Sputnik. Uyga qaytish har doim yoqimli, dedi Viktor Orban Qozog‘istonga tashrifi vaqtida. Bunda Vengriya bosh vaziri qozoqlar va vengerlarning umumiy tarixiy ildizlarini nazarda tutgan edi.

"Uyga qaytish har doim yaxshi. Bu mintaqada biz siz bilan eng tarixiy aloqalarga egamiz. Muvaffaqiyatlaringizdan juda xursandmiz. Qarindoshingiz bilan hamma narsa yaxshi bo‘lsa, bu biz uchun ham yaxshi degani. Butun oila baxtli bo‘lsa bu yaxshi”, — dedi Orban Toqayev bilan muzokaralar chog‘ida.

Vengriya bosh vaziri, shuningdek, xavfsizlik masalalarini do‘stlar bilan muhokama qilish muhim ekanini ta’kidladi.
"Biz hozir xavfsizlik nuqtayi nazaridan beqaror davrda yashayapmiz. Bu masalalarni do‘stlar va qardosh xalqlar bilan muhokama qilish juda muhim. Nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik masalalari ham", - dedi Vengriya bosh vaziri.
Toqayev ham o‘z navbatida vengriyalik mehmonning tashrifidan xursand ekanini bildirdi.

"Qozog‘iston sizning Vataningiz, deyishimiz mumkin. Buning sababi shundaki, sizning ildizlaringiz aynan shu yerdan kelib chiqqan. Siz o‘zingiz ham qipchoqlarga juda yaqinsiz. Bu haqiqatni qozoqlar yaxshi bilishadi. Shuning uchun biz sizdan juda minnatdormiz. Tashrifingiz juda muhim. Umid qilamizki, bu ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka turtki bo‘ladi”, - dedi Toqayev.

Respublika prezidenti qozoqlar va vengerlar qadimiy an’analarga ega qarindosh xalqlar ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, bugungi Vengriya hududida o‘n uchinchi asrning birinchi yarmida To‘rg‘ay dashtlaridan ko‘chib kelgan qipchoq qabilalarining avlodlari yashaydi.