TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) transport vazirlari yig‘ilishida sohada raqamli texnologiyalarni qo‘llashga kelishib olishdi. Bu haqida Sputnik muxbiri xabar bermoqda.
Mutaxassislar fikricha, hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun hududlararo tranzit uzellarini yaratish, transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit tariflarini optimallashtirish, xalqaro yuk tashish uchun shart-sharoitlarni osonlashtirish va transport xizmatlarini raqamlashtirish masalalariga yechim topish zarur.
Ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov quyidagilarni taklif qildi:
IHTning transport sohasida o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston va O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy transport yo‘laklarini rivojlantirish;
Samarqand aeroportiga ishtirokchi davlatlar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha IHTning mintaqaviy aviatsiya xabi maqomini berish;
IHT mamlakatlari orqali yuklarning tranzit tashuvlarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash va tashish jarayonini osonlashtirish;
E-Permit, E-TIR, E-Transit kabi loyihalar orqali tovarlar va jo‘natish hujjatlarini bojxona rasmiylashtiruvi tartib-qoidalari raqamlashtirilishini amalga oshirishni jadallashtirish.
So‘z yakunida O‘zbekiston transport vaziri IHTga a’zo mamlakatlarning transport sohasida hamjihatligi, shubhasiz, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlashning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, bugun O‘zbekiston poytaxtida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) transport vazirlarining o‘n ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.