TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasida “Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2023” 19-xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi boshlandi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
"TransLogistica Uzbekistan" – O‘zbekistonda transport va logistika mavzusidagi xalqaro ko‘rgazma. U bozor yetakchilari va xalqaro soha ekspertlarini bir platformada to‘playdi.
Joriy yilda ko‘rgazmada 15 davlatdan 60 dan ortiq kompaniya qatnashmoqda. Jumladan, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “My Freighter” mahalliy yuk tashish kompaniyasi, “Centrum Air” va “Qanot Sharq” yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalari, Shveysariya, Litva, Latviya, Gruziya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Xitoy va Germaniyadan tashrif buyurgan logistika kompaniyalari ishtirok etmoqda.
“Uzbekistan Airports” xabariga ko‘ra, kompaniya respublikaning 11 xalqaro aeroporti nomidan ushbu ko‘rgazmada uchinchi bor ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma 3-noyabrga qadar davom etadi.