Sanitariya sohasidagi qoidabuzarliklarni qabul qiluvchi maxsus Telegram bot ishga tushdi

Endi fuqarolar bot yordamida 24/7 rejimda o‘z murojaatlarini qoldirishlari mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholidan qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilishni boshladi. Bu haqida qo‘mita matbuot xizmati rahbari Maftuna Saidova Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Qo‘mita “Sanepidmurojaatbot” botini ishga tushirdi. Endi sanitariya sohasiga oid qoidabuzarliklarga duch kelgan fuqarolar mazkur bot orqali o‘z murojaatlarini yo‘llashlari mumkin.

“Mazkur bot bizga kelib tushayotgan murojaatlar soni ortgani bois ishga tushirildi. Fuqarolar 24/7 rejimda o‘z murojaatlarini qoldirishlari mumkin. Murojaatlar tezkorlik bilan nazoratga olinadi”, — deydi Maftuna Saidova.

Botga quyidagi holatlar bo‘yicha murojaat yuborish mumkin:
tadbirkorlarning qonunchilik doirasida muammolarini yechish bo‘yicha amaliy yordam olish;
sanitariya qoidalari va normalariga rioya qilinmaslik holatlariga duch kelish;
ovqatdan zaharlanish;
emlanishga oid savollarga aniqlik kiritish.
Murojaatda rasm va vidoofaktlar bo‘lishi lozim.
Aytilishicha, bot shu xaftaning dushanba kuni ishga tushirilganiga qaramay, murojaatlar soni ko‘paygan. Matbuot kotibning so‘zlariga ko‘ra, sohaga aloqador bo‘lmagan masalalar yuzasidan ham savollar kelib tushmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, qo‘mita o‘ziga tegishli bo‘lmagan masalalarga javob bermaydi.