O‘zbek va rus maqollaridagi mushtarakliklar

O‘zbek va rus tillarida shaklan va mazmunan uyqash maqollar ko‘p. Bu galgi maqolamiz shu haqda.
Sputnik
Dunyo xalqlarining har biri o‘ziga xos madaniyatga, urf-odatlarga ega, chunki ularning dunyoni ko‘rish tarzi ham bir-birinikidan farq qiladi. Lekin hamma zamonlarda yaxshi ish yaxshi deyilgan, yomon ish yomon deyilgan. Mardlik har yerda olqishlangan, qo‘rqoqlik har joyda qoralangan. Xalqlararo qarashlarda bu kabi umumiy jihatlarning borligi bir-biridan bexabar mazmunan o‘xshash maqol va matallarning, iboralarning ijod qilinishiga sabab bo‘lgan. Bu galgi maqolada o‘zbek va rus tillaridagi mushtarak maqollarni ko‘rib chiqamiz.
Arg‘amchiga qil quvvat. Bir oila, bir jamoa a’zolarining o‘zaro ahil bo‘lishiga undalgan ushbu maqolda mushkul vaziyatda qolgan ko‘pchilikka ozroq qo‘llov, hatto arzimas dalda ham katta yordam bo‘lishi ta’kidlangan. Bunda bir necha yuz qildan chiyralgan arg‘amchiga uning tarkibidagi bitta qil qarshi qiyosga olingan. Natijada qilning arg‘amchi oldidagi qiymati aniq ko‘ringan: ozgina qo‘llovning ahamiyati arg‘amchi va qil qiyosida ochilgan. Qamchibek Kenja bu maqolning ma’nisini “Palaxmon toshlari” asarida aniq ko‘rsata olgan: Hoji tog‘ani Beknazardagi diyonat, uning mardona o‘tinchi ham rom qilgan edi. Aslida, arg‘amchiga qil quvvat deganday, andijonliklar sonining yana bittaga ortgani afzal edi, zero arqonning yanada chiyralishi uchun Beknazar kabi pishiq tolalar ayni muddaodir.
Verovka krepka s povivkoyu, a chelovek – s pomoshyu. Aka-uka, oshna-og‘aynining o‘zaro ahil bo‘lishini slavanlar ham qadrlaydi, o‘zbekdek qiynalganda yordamga kelishni ular ham insoniylikning bosh shartlaridan deb biladilar. Shu bois bo‘lsa kerak, “Verovka krepka s povivkoyu, a chelovek – s pomoshyu” maqoli ijod qilingan. Diqqat qilsangiz, slavanlar arg‘amchi tolalarining yaxlit qilib eshilgani uchun uzilib ketmaydi, inson yordam tufayli cho‘kib ketmaydi, deyilmoqchi.
Har ikki tildagi maqolda ham inoq yashash, qiynalganga yordam qilish fazilat darajasiga ko‘tarilgan va bunda arg‘amchi va uning tolalari qiyosga olingan. Biroq o‘zbek tilida kishiga ko‘makka kelish majoz vositasida, kosa tagida nimkosa qabilida ifodalangan. Rus tilida esa ochiq aytilgan va bu slavan mentaliteti bilan bog‘liq.
Umumbashariy tuyg‘ularning borligi boshqa tillardagi maqolning mazmunini tushunishni osonlashtiradi. Tafakkurlarimizda odam va olamga munosabatdagi o‘xshashlik avval dillarni, keyin tillarni yaqinlashtiradi. O‘zga tildagi maqolni o‘qib, beixtiyor o‘z tilingizdagi shunga yaqin naql esingizga tushadi. Demak, millatidan qat’i nazar, odam bolasiga umumiy bo‘lgan g‘oyalar, dinidan qat’i nazar, odam bolasi qadrlaydigan tuyg‘ular bor ekanki, donishmand ajdodlar “qizim, senga aytaman, kelin, sen eshit” qabilidagi pandlarni aytgan. Masalan: Bir kishi ariq qaziydi, ming kishi suv ichadi – Odin protoril tropu, a vse xodat.
Bir kishining mehnati bilan yaratilgan narsa ko‘pga xizmat qilishidek fikr har ikki xalq tasavvurida bor. Biroq o‘zbek tilida “ariq va undan ko‘pchilikning suv ichishi” tarzida, rus tilida “bir kishi ochgan yo‘ldan barcha yurishi” tarzida obrazli ifoda topgan. O‘zbekbobo kishi qilgan yaxshi ishning ko‘pga xizmat qilishini ariqning xalqqa xizmatida ko‘rgan bo‘lsa, slavanbobo xuddi shunday ishni yo‘lning xalqqa xizmat qilishida ko‘rgan. Ana shu jihatning o‘zi – mazkur maqollarning tarjima emas, har ikki tilda mustaqil ijod qilinganiga dalil. Olam va odamga munosabatda mushtaraklik tillari farqli ellarga yuqoridagidek maqollarni yaratishiga izn bergan bor.
Tilshunoslar nemis allomasi Vilgelem fon Gumboldtni nazariy tilshunoslikning otasi hisoblaydilar. U bunday e’tirofga nazariy tilshunoslikni rivojlantirgani uchungina emas, balki tilga ilmiy yondashishning to‘g‘ri tutumlarini ko‘rsatib berganligi bilan ham loyiq. Bitta narsa turli tillarda turlicha nomlangani sababli dunyo tillari har xil bo‘lib qolmagan, balki shu tillar egalarining olamni o‘ziga xos ko‘rganligi, anglaganligi tufaylidir, deya tilchilarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagan edi Gumboldt.
Tilning dunyoni o‘ta milliy idrok etish quroli ekani o‘xshash mazmunli maqollarni taqqoslaganda aniq-tiniq ko‘rinadi. Masalan: Bir mayizni qirq kishi bo‘lib yebdi – Razloji vorobya na dvenadsat blyud. Har ikki maqol boriga qanoat qilib kun ko‘rish, borini teng baham ko‘rib ahil yashash haqida. Ammo o‘zbek bu mazmunni berishda mayda yegulik mayizni va uni qirqqa bo‘lishni, rus esa mitti qush chumchuqni va uni yigirmaga bo‘lishni asos qilib olmoqda. Mayiz va uni qirqqa bo‘lib yeyishdek harakat o‘zbekning olamga munosabati, chumchuq va uni yigirmaga bo‘lib baham ko‘rish rusning olamga munosabatini ko‘rsatadi. Olamga munosabatning mazmunan mushtaraku shaklan har xilligi bu xalqlar tillarining har xilligini ta’minlagan.
Tilda so‘z yasaladimi yoki ibora, u hamisha o‘sha so‘z yoxud ibora qo‘llanadigan muhitdan begona bo‘lmasligi kerak. Muhitiga mos so‘zu iboralarning yotligi sezilmaydi, ularni har gal yo yozganimiz, yo o‘qiganimizda allaqanday tanish hidi bordek tuyamiz, o‘z-o‘zimiznikidek ko‘ramiz. Xalq maqollari shu ma’noda bizga tanish tutumlardan bahs etadi, bizga tanish tarixlardan hikoya qiladi. Maqoli bor tillarning barida milliy realiyalar qalamga olinadi. Ayniqsa, maqollarning ma’nodoshligini ta’minlasa, lisoniy qimmati yanada ortadi. Masalan: Bo‘zchi belboqqa yolchimas, kulol – mo‘ndiga – Sapojnik (xodit) bez sapoga maqollari.
Har ikki xalq maqolida “Hayot shunday qurilganki, o‘z imkoningda bo‘lgan narsani o‘zing uchun ishlata olmasliging mumkin” degan mazmun bor. Biroq o‘zbek bu mazmunni “bo‘zchi va uning o‘zi to‘qiydigan belbog‘iga, kulol va uning o‘zi yasaydigan ko‘za”, rus esa “etikdo‘z va uning o‘zi tikadigan etik” realiyalarida ifodalagan. Aksincha bo‘lishi, masalan, rus tili egasi bu mazmunni berishda “bo‘zchi va belbog‘” realiyalaridan foydalanishi imkonsiz, chunki bo‘zchilik kasbi va bo‘z belbog‘ bog‘lash slavan turmushiga xos holat emas.
Ellararo aloqalar tillararo aloqalarga zamin hozirlaydi. Avval ellar keyin tillar hamkorligi boshlanadi. Shu jihatdan o‘zbek va rus tillari aloqalari shu tillar egalarining hamkorligigan boshlangan. Rus tilida o‘zbekcha, o‘zbek tilida ruscha so‘zlarning borligi shundan. Tillararo hamkorlik naijasida maqollar ham o‘zlashgan. Bir tilda yaratilgan maqol mazmunan boshqa xalq qarashlariga mos kelib qolganda tarjima qilib olingan. Bu bilan oluvchi tilning og‘zaki ijod zaxirasi boyigan, beruvchi tilning madaniy qarashlari o‘zlashgan. Ammo maqollarning muallifi noma’lumligi sababli qaysi tilda birinchi ijod qilinganiyu qaysi tilga o‘girilganini aniqlash qiyin. Quyida berilgan ikki maqol haqida ham shu fikrni aytish mumkin. Shuning uchun mazmuniy o‘ziga xosligiga diqqat qaratamiz.
Benuqson do‘st axtargan – do‘stsiz qolar. Beayb faqat parvadigor bo‘ladi, inson borki, unda qandaydir ayb, sizga yoqinqiramaydigan sifat bo‘ladi. Shuning uchun ideal do‘st axtarib ovora bo‘lma. Bordiyu, shunday odam topib, keyin o‘rtoq bo‘laman desang, do‘stsiz o‘tib ketasan. Yaxshisi, do‘st tutinmoqchi bo‘lgan odamingni boricha qabul qil. Borini oshir, yo‘g‘ini yashir, deyilmoqchi.
Ishushiy druga bez izyana ostanetsya bez druga. Slavan tafakkurida ham xuddi shunday tushuncha borligi uchun yuqoridagi maqol yaratilgan. Ya’ni ular ham har tomonlama ideal odamni topib bo‘lmasligiga ishonadilar. Shuning uchunmi, boshqa bir “Druga bez izyana ne bivayet: yesli budesh iskat izyan – ostaneshsya bez druga” maqolini ijod etganlar.
E’tibor bersangiz, o‘zbek va rus maqollari mazmunan bir xil. Bizningcha, avval yo o‘zbek tilida, yo rus tilida bu maqollar yaratilgan, keyin biridan ikkinchisiga tarjima qilingan.
O‘zbek va rus tillarida shaklan va mazmunan uyqash maqollar ko‘p. Qiyoslab ko‘ring: 1. Besh barmoqning birini tishlasang, bari og‘rir – Kakoy ni otrubi pales – vsyo bolno. 2. Bo‘ri qarisa, itga kulgi bo‘ladi – Volk, kogda sostaritsya, stanovitsya igrushkoy dlya sobak.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan galgi maqolamizda o‘zbek tilidagi tasviriy ifodalar haqida so‘z yuritgan edik.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.