O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi yuk aylanmasi 38 foizga oshdi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida vakolatli iqtisodiy operatorlarga doir Bitimning to‘laqonli ijrosini ta’minlash maqsadida o‘zaro axborot almashish bo‘yicha Tartib imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 1 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi yuk aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga oshdi. Bu haqida Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Moskva shahrida Xalqaro bojxona forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Rossiya Federal bojxona xizmati rahbari Ruslan Davidov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
“2023 yilning yanvar-sentabr oylarida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yuk aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga oshdi”, — dedi Ruslan Davidov.
Shuningdek, tadbir davomida ”Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi” loyihasi doirasida o‘zaro savdoni rivojlantirish, vakolatli iqtisodiy operatorlar institutlarini o‘zaro tan olish masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar vakolatli iqtisodiy operatorlarga doir Bitimning to‘laqonli ijrosini ta’minlash maqsadida o‘zaro axborot almashish bo‘yicha Tartibni imzolashdi.
“Bu vakolatli iqtisodiy operatorlar milliy reyestrlaridagi o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida ma’lumot almashish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, mazkur forumda Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi, Braziliya, Venesuela, Janubiy Afrika Respublikasi, Kuba, Nikaragua, Xitoy, Eron va boshqa davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari ham qatnashdi.