TOShKENT, 1 noya — Sputnik. Noqonuniy sha’riy nikoh o‘qiganlar 9 milliongacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda prezident imzolagan O‘RQ–874-sonli qonunda nazarda tutilgan.
Qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish:
BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa:
BHMning 75 baravaridan 150 baravarigacha (24 mln 750 ming so‘mdan 49 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Eslatib o‘tamiz, avaalroq O‘zbekistonda qonuniy nikohdan o‘tmagan fuqarolarga sha’riy nikoh o‘qiganlar uchun jinoiy javobgarlik belgilash rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.
So‘nggi paytlarda respublikada faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘pxotinlik holatlari ortib bormoqda. 2022 yilda respublika bo‘yicha 18 955 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilgan. 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 19 037 tani, 2020-yilda 16 564 tani tashkil qilgan.
Nikoh belgilangan tartibda FHDYo organlarida qayd etilmagani otalikni belgilash, aliment tayinlash, meros masalalariga oid turli xil muammolarni keltirib chiqarib, natijada fuqarolarda, ayniqsa ayollarda davlatning huquqiy siyosatiga nisbatan bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.