TOShKENT, 1 noya — Sputnik. “Rossiya segodnya” media guruhi bosh direktori Dmitriy Kiselov MDH mamlakatlarning “O‘zgaruvchan dunyoda OAV rivojlanishi” II media forumi ishtirokchilariga murojaat qildi.
Chorshanba kuni Moskvada ochilgan forum MDH mamlakatlari ommaviy axborot vositalari faoliyatining bugungi holati va istiqbollarini tahlil qilishga bag‘ishlangan.
"Bizning kelajagimiz faqat birga bo‘lishi mumkin, chunki agar Rossiya, ba’zilar rejalashtirganidek, "strategik mag‘lubiyatga" uchrasa, MDHning har bir davlatida hayot keskin o‘zgaradi. Davlatlar AQShning mustamlakalariga aylanadi va ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lishadi. Bu mutlaqo ayon", — deb ta’kidladi Kiselov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘z turmush tarzi va mavjudligi bilan MDH davlatlarining erkinligini kafolatlaydi va o‘zga millatlar ichi ishlariga aralashayotgan davlatlarga qarama-qarshi turadi.
Kiselovning ta’kidlashicha, ba’zi mamlakatlar Ukrainada bo‘lgani kabi natsizm bilan "kasallanishi" mumkin. Tarixdan xulosa shuki, bu tiriklikka to‘g‘ri kelmaydigan kasallikni faqat "harbiy mag‘lubiyat" davolaydi.
"MDH davlatlari bugun faqat Rossiyaga tayana olmaydi, Rossiya hamma ishni bajaradi deb o‘ylash kerak emas. O‘z taqdiringiz uchun javobgarlikni o‘z zimmangizga oling. Hech kim birovni majburlamaydi. Lekin buning oqibati qanday bo‘lishini o‘ylab ko‘ring", - dedi u.
“Xalqaro jurnalistikaning kelajagi” mavzusida bo‘lib o‘tayotgan II Media forum yalpi majlisi media sohasida sun’iy intellektdan foydalanish, telegram-kanallarni samarali yuritish, MDHda ruscha OAVlarni rivojlantirish hamda raqamli davrda soha mutaxassislarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan.
Tadbir Rossiya Raqamli rivojlanish va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi ko‘magida “Rossiya segodnya” xalqaro media guruhi tomonidan tashkil etilgan.