TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Yevropa kengashi majlisi ishtirokchilari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning murojaatini qiziqishsiz qarshi olishdi. Bu haqda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
Zelenskiy 26-oktabr kuni onlayn tarzda nutq so‘zlagan.
“Yevropa kengashi majlisida Zelenskiy videomurojaatini qiziqishsiz qarshi olishganiga men zarracha ham hayron bo‘lmadim. Vaqt o‘zgarmoqda, kuni kecha uni har yerda qarsaklar bilan qabul qilishardi, endi esa unga AQShda bo‘lgani kabi ayrim qonunchilik palatalarida nutq so‘zlashiga ruxsat berishmayapti”, - dedi Fitso.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa kengashining Ukrainaga oid muhokamalaridan “o‘ta qattiq charchash” his qilingan.
Slovakiya bosh vaziri YeI Kiyevga nisbatan AQSh siyosatidan namuna olayotgani va tinchlik rejasini taklif etish o‘rniga Ukrainaga pul va qurol-yarog‘ yuborishda davom etayotganini qayd etgan. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqining o‘zining shaxsiy tashqi siyosati yo‘q.
So‘nggi paytlarda G‘arb OAV G‘arb Ukraina mojarosidan charchagani va Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash zaiflashib borayotgani haqida bot-bot yozishmoqda. Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba ham Kiyev ittifoqchilari orasida Moskva bilan muloqot qilishga chaqiriqlar tobora baralla yangrayotganini tan olgan edi. Global Janubni esa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga undash qo‘ldan kelmayapti.