Shanxaydan Frankfurtga uchayotgan samolyot yo‘lovchilarning janjali tufayli Toshkentga qo‘ndi

Ekipaj samolyot oldiga huquq tartibot organlari xodimlarini chaqirishni so‘ragan.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Shanxaydan Frankfurtga uchayotgan samolyot Toshkentga qo‘ndi. Bu haqda "Uzbekistan Airports" xabar berdi.
Germaniyaning “Lufthansa” aviakompaniyasining Shanxaydan Frankfurtga uchayotgan LH729 yo‘lovchi reysi ikki yo‘lovchining janjali tufayli Toshkent xalqaro aeroportidagi muqobil aerodromga kelib qo‘ndi.
“Ekipaj samolyot oldiga huquq tartibot organlari xodimlarini chaqirishni so‘ragan”, — deyiladi xabarda.
Bortida 206 yo‘lovchi bo‘lgan Boeing 747-800 mahalliy vaqt bilan 17:32 da favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Janjal ko‘targan yo‘lovchilar reysdan olib tashlandi. Havo kemasi Toshkentdan belgilangan aeroportga soat 20:36 da uchib ketdi.