TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishda qog‘oz uslubidan foydalanilmaydi. Bu haqida Statistika agentligi ma’lum qilmoqda.
Bu safargi aholini ro‘yxatga olish jarayoni planshetlar yordamida va internet orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Statistika agentligiga ko‘ra, bu usul "qog‘oz usuliga nisbatan qulayligi, tezkorligi va iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanligini ko‘rsatgan".
Shuningdek, muayan sabablarga ko‘ra, ro‘yxatga olish haqida qo‘shimcha axborot keyinroq ma’lum qilinishi aytib o‘tilgan.
"Ushbu tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar o‘rganib chiqilayotganligini inobatga olib, yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng Agentlik tomonidan qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilamiz", - deyiladi xabarda.
Xabarda, shuningdek, ushbu tadbirga tayyorgarlik ko‘rilayotgani va tegishli qonunlar qabul qilingani ham aytib o‘tilgan. Xususan, ro‘yxatga olish savolnomalari ishlab chiqilgan, va maxsus veb-sayti — aholi.stat.uz ham ishga tushgan. Andijon, Toshkent va Xorazm viloyatlari hamda Xiva va Toshkent shahrining ayrim tumanlarida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbiri dastlab 2020-yilda, keyin esa 2023-yilning 1-25 noyabrida o‘tkazish belgilangan edi. O‘zbekistonda so‘nggi bor aholini ro‘yxatga olish 1989-yilda o‘tkazilgan edi. Eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 36,6 million kishi yashaydi.