TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Toshkentda "Craft fair Uzbekistan 2023" II Xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda "Hunarmand" uyushmasi xabar berdi.
Yarmarka 15–17 noyabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” 3-pavilonida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik, milliy matolar, miniatura mahsulotlari namoyish etiladi.
“Yarmarkada 200 nafar mahalliy, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya, Hindiston, Afg‘oniston kabi davlatlardan 40 nafar xorijiy hunarmand ishtirok etishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Yarmarkada hunarmandlar tomonidan mahorat darslari, loydan ko‘za yasash, ipakdan mato to‘qish, do‘ppiga naqsh berish hamda beshik yasash jarayonlari ham tashkil etiladi.