TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Navoiy viloyatida qushlar va hayvonlar soni ortgani aniqlandi, deya xabar berdi Ekologiya qo‘mitasi.
Navoiy viloyati Tomdi tumani olis cho‘l hududidagi “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasida olib borilgan muhofaza choralari tufayli hayvonlar soni asta-sekin ko‘payib bormoqda.
“Qo‘riqxona xodimlari tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan sanoq davomida jayronlar soni ortganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Qo‘riqxonada sut emizuvchilar o‘tgan yilga nisbatan 11 turdan 13 turga, qushlar esa 19 turdan 20 turga ko‘paygan.
Shuningdek, 7 turdagi sudralib yuruvchilar yashaydi. Shulardan 14 turdagi hayvonlar va 11 turdagi o‘simliklar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.