Tarjimai holi
Maqsud Shayxzoda 1908-yil 7-noyabrida Ozarbayjonning Oqtosh shahrida ziyoli oilada tavallud topdi. Uning otasi Ma’sumbek o‘z zamonasining taraqqiyparvar kishilaridan biri bo‘lib shifokorlik kasbidan tashqari, san’at, adabiyot, tarix va falsafa ilmlari bilan qiziqardi. Ularning oilasida shaharning eng ziyoli kishilari yig‘ilib, munozara va mubohasa qilishardi. Bu adabiy muhit uchun Pushkin va Lermontov, Shekspir va Balzak, Firdavsiy va Xayyom, Nizomiy va Navoiy asarlari begona emas edi. Shunday oilada tarbiya topayotgan bo‘lajak shoir boshlang‘ich va o‘rta ma’lumotni Oqtoshda olgach, Boku Oliy pedagogika institutida sirtdan o‘qidi.
Maqsud Shayxzoda
© Biblioteka Xurshida Davrona
Faoliyati
U 1925-yildan boshlab Ozarbayjon Maorif xalq komissarligi yo‘llanmasi bilan Dog‘istonning Darband shahrida muallimlik bilan shug‘ullandi. Shayxzoda Dog‘istonda kechgan qisqa hayoti davomida ham muallim, ham shoir, ham jurnalist, ham tanqidchi sifatida namoyon bo‘ldi. Shayxzoda 1928-yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar muharririyatlarida, 1935-1938 yillarda esa Fanlar Qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938-yildan to umrining so‘ngiga qadar Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining “O‘zbek mumtoz adabiyoti” kafedrasida dotsent vazifasida xizmat qilib, malakali kadrlar yetishtirdi.
Shayxzoda 1967-yil 19-fevral vafot etdi. U Toshkentning Farobiy qabristonida dafn etilgan. Ozarbayjon tuprog‘ida tug‘ilgan falakning gardishi bilan o‘zbek tuprog‘iga kelib qolib, zavq –shavq bilan ijod qilgan, zamonaviy o‘zbek adabiy tili va adabiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan bu ulug‘ insonning muborak nomi hech qachon xalq nomidan o‘chmaydi. Zero uning o‘z yozganidek:
Umrlar bo‘ladiki,
Tirik odam o‘likdir,
Umrlar bo‘ladiki,
O‘lgan odam tirikdir.
Maqsud Shayxzoda
© Biblioteka Xurshida Davrona
Ijodiy yo‘li
Shoirning adabiy faoliyati 1929-yildan boshlanib, “O‘n she’r” (1932), “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1935) to‘plamlarining nashr etilishi adabiyotga o‘ziga xos ovozli shoir kirib kelayotganidan darak berdi.
Uning “Kurash nechun”, “Jang va qo‘shiq”, “Kapitan Gastello”, “Ko‘ngil deydiki...” she’riy to‘plamlari, “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasi kabi asarlari urush yillarida yozilgan bo‘lib, jangchilarning qaxramonligi, vatanga muhabbati, front ortidagi insonlarning sadoqatli mehnati tasvirlangan.
“O‘n besh yilning daftari”, “Olqishlarim”, “Zamon torlari”, “Shu’la”, “Chorak asr devoni” kabi she’riy to‘plamlarida, urushdan keyingi yillarda qatag‘on bo‘lgan shoir, totuvlik uchun kurash, Vatanga fidokorlikni kuyladi.
1958 yili adibning “Toshkentnoma” lirik dostoni yaratildi. Ushbu doston qadimiy va ayni chog‘da zamonaviy Toshkent shahriga bag‘ishlangan. Shayxzoda nafaqat lirik shoir, balki, iste’dodli dramaturg hamdir. 1960-yilda yozgan “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasida buyuk o‘zbek olimi, munajjimi va ma’rifatparvar hukmdori obrazini yaratdi.
Maqsud Shayxzoda
© Biblioteka Xurshida Davrona
Shayxzoda Pushkinning “Mis chavandoz”, Lermontovning “Kavkaz asiri”, Mayakovskiyning “Juda soz” dostonlari va ko‘plab she’rlarini, Shekspirning “Hamlet”, “Romeo va Julyetta” tragediyalari va sonetlarini, Nozim Xikmatning she’rlarini, ozarbayjon shoirlari asarlarini va o‘zbek tiliga o‘girdi.
Shayxzodaning o‘zbek adabiyoti tarixi, o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodini tadqiq etish borasida yaratgan ilmiy ishlari ham tahsinga sazovordir. U filologiya fanlari nomzodi, dotsent ham edi. Shayxzoda asarlari dunyoning bir necha tillariga puxta o‘girilgan.