Botulizm: uy sharoitida yopilgan "banka"lar sog‘lik uchun qanday xavf tug‘diradi?

Botulizmga uchragan bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.
Sputnik
TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Botulizm xastaligining yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin.
Botulizm — oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishlar ichida eng og‘ir kechadigan xastaliklardan biri. Ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola konserva mahsulotlarini iste’mol qilish tufayli aholi orasida undan zararlanish ko‘p uchraydi.
Xo‘sh, ushbu kasallik nimasi bilan xavfli? Uning oldini olish uchun qanday qoidalarga amal qilish lozim? Mazkur savollarga Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Shukurov javob berdi.
"So‘nggi yillarda mamlakatda ro‘yxatga olinayotgan botulizm kasalligi uy sharoitida, sanitariya qoida va meyorlariga rioya qilinmasdan tayyorlangan sabzavotli, asosan, bodring, pomidor, baqlajon va qo‘ziqorin konservalarini iste’mol qilish natijasida kelib chiqmoqda", — deydi mutaxassis.
Bunga sabab uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligidir. Natijada esa botulizm qo‘zg‘atuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, ya’ni kislorodsiz muhitda rivojlanib, o‘ta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.
Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.
O‘zida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto, o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmaganda o‘limga olib keluvchi eng og‘ir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.
Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga ta’sir etadi va organizmda turli o‘zgarishlarga olib keladi.
Bu holatda ko‘pincha nafas olish qiyinlashishi, og‘iz-tomoqning qurishi, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi hamda umumiy holsizlanish, ko‘ngil aynishi va qusish (ko‘pincha takrorlanadi), qorin sohasidagi og‘riq kabi belgilar namoyon bo‘ladi.
Bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.
Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa va zarur davo muolajalari o‘tkazilmasa, uning nafaqat sog‘lig‘i, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.
Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:
uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;
bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;
banka qopqog‘i ko‘tarilgan (bombaj), shuningdek rangida o‘zgarish bo‘lgan konservalarni iste’mol qilmaslik;
oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga e’tibor berish, savdo do‘konlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi xujjatlariga e’tibor berish;
taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish.