TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Bugun, 28-oktabr kuni soat 06:58 da Shayxontohur tumani “Bo‘ston” MFY, Beruniy ko‘chasida joylashgan “Ecobozor” majmuasida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida shahar FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 07:04 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 07:19 da o‘rab olingan va soat 07:26 da o‘chirilgan.
Yong‘in natijasida savdo majmuasining 80 kv.m tashqi devor qoplamasi qismi va shu joydagi kafening 70 kv.m maydonida ichki va tom qismi yonib zararlangan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida savdo majmuasining 7000 kv.m maydoni yong‘indan saqlab qolingan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.