TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Toshkent shahrida joriy yil 1-noyabrdan boshlab jamoat transportida yo‘l haqi narxlari oshiriladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, poytaxt jamoat transportida yangi, qo‘shimcha va rag‘batlantiruvchi tariflar joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul va bank kartalari orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilanmoqda.
Yo‘lovchilar ATTO transport kartalaridan foydalangan holda bir soat ichida ikkinchi marotaba avtobusdan foydalansa, yo‘l haqi uchun 700 so‘m to‘laydi. Bir soat davomida yo‘lovchilar avtobusdan uchinchi va to‘rtinchi marotaba ma’lum bir manzilga harakatlanishi esa mutlaqo bepul bo‘ladi.