Senat Surayyo Raxmonovani Bolalar ombudsmani lavozimiga sayladi

Surayyo Raxmonovani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Bugun, 28-oktabr kuni Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) saylandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Oliy Majlis Senatining qirq oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakilini (Bolalar ombudsmanini) saylash to‘g‘risidagi masalasi ko‘rib chiqildi.
Senat tomonidan Surayyo Raxmonovani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Surayyo Raxmonova uzoq yillar mobaynida yuridik oliy ta’lim tashkilotlarida, shuningdek, sud va prokuratura organlari tizimida samarali foliyat ko‘rsatib kelgan. 1-darajali adliya maslahatchisi, yuridik fanlar doktori, professor.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda bajaradi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5-yil muddatga saylanadi. Mazkur lavozimga esa nomzodni prezident tavsiya etadi.