Isroil-Falastin mojarosi

BMT Bosh Assambleyasi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi

Tashabbusni qo‘llab 120 ta davlat ovoz berdi, 14 davlat qarshi chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. BMT Bosh Assambleyasi arab davlatlarining Falastin-Isroil mojaro zonasida zudlik bilan sulh tuzishga chaqiruvchi rezolyutsiyasini qabul qildi, deb xabar berdi RIA Novosti muxbiri.
Tashabbusni qo‘llab 120 ta davlat ovoz berdi, 14 davlat qarshi chiqdi. 45 vakil betaraf qoldi.
Isroil, AQSh, Avstriya, Xorvatiya, Chexiya, Gvatemala, Vengriya, Marshall orollari, Mikroneziya, Papua-Yangi Gvineya, Paragvay, Tonga va Fiji tashabbusga qarshi chiqdi.
Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan, Bosh Assambleya qarorini sharhlar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “endi qonuniylik va ahamiyati qolmagan”ligini aytdi.
“Ushbu tashkilot vahshiyliklarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan. Biz ko‘rgan spektakl, afsuski, BMT vahshiyliklarning oldini olishga emas, balki bundan keyin ham ta’minlashga bel bog‘laganini isbotlaydi”, - dedi u.
HAMAS BMT Bosh Assambleyasi qarorini qo‘llab-quvvatladi.
“Biz BMT Bosh Assambleyasining G‘azo sektorida xalqimizga qarshi tajovuzni to‘xtatishga olib keladigan zudlik bilan, doimiy va davomiy gumanitar sulh tuzishga chaqiruvchi rezolyutsiyasini olqishlaymiz”, - deyiladi bayonotda.
Mualliflar Iordaniya va 40 dan ortiq boshqa mamlakatlar bo‘ldi. Hujjat jangovar harakatlarni to‘xtatishga olib keladigan zudlik bilan ishonchli, barqaror gumanitar sulh tuzishga, shuningdek, “noqonuniy asirga olingan tinch aholini zudlik bilan, so‘zsiz ozod qilishga” chaqiradi.
Bundan tashqari, rezolyutsiya barcha tomonlardan insonparvarlik qonunchiligi, xususan, fuqarolar va fuqarolik obyektlarini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarga rioya qilishni talab qiladi. G‘azo sektoriga zarur tovarlar va xizmatlarni zudlik bilan, barqaror va to‘siqsiz yetkazib berishga chaqiradi.
Rezolyutsiyada, shuningdek, xalqaro huquq va BMTning tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq falastinlik tinch aholining himoyasini ta’minlash mexanizmini yaratish zarurligi haqida ham so‘z boradi.