Toshkent metrosining bir qator bekatlarida poyezdlar harakati 3 kunga to‘xtatiladi

Ta’kidlanishicha, Toshkent metropoliteni “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining II bosqichidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha bo‘lgan Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) metro bekatlarida qurilish ishlarining so‘nggi bosqichi amalga oshirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Joriy yilning 3-5 noyabr kunlari “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining Tolariq (10-bekat), Xonobod (11-bekat) va Quruvchilar (12-bekat) bekatlarida poyezdlar harakati to‘xtatiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent metropoliteni “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining II bosqichidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha bo‘lgan Turon (13-bekat) va Qipchoq (14-bekat) metro bekatlarida qurilish ishlarining so‘nggi bosqichi amalga oshirilmoqda.
“Shu munosabat bilan ushbu yangi bekatlarni yo‘nalishdagi mavjud bekatlar bilan texnik jihatdan o‘zaro bog‘lash maqsadida, joriy yilning 3-5 noyabr kunlari, 3 kun muddatga “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining Tolariq (10-bekat), Xonobod (11-bekat) va Quruvchilar (12-bekat) bekatlarida poyezdlar harakati to‘xtatiladi”, - deyiladi xabarda.
Bu kunlarda “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishida poyezdlar harakati “Texnopark” (Do‘stlik-2) — “Qiyot” (9-bekat) bekatlari oralig‘ida tashkil etiladi.
Shuningdek, yo‘lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, “Qiyot” (9-bekat) - “Quruvchilar” (12-bekat) bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi qo‘shimcha avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi.