TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyoda tuberkuloz (sil) kasalligini kompleks nazorat qilish bo‘yicha VII mintaqaviy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Konferensiyada O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda USAID loyihasi xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol qatnashdi.
Konferensiyada O‘zbekiston vakillari tomonidan mamlakatda ftiziatriya sohasida erishilgan yutuqlar va kelajakdagi rejalar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari va xalqaro hamkorlar ishtirok etgan anjumanda tuberkulozning barcha shakllarining kasallanish ko‘rsatkichlarini kamaytirish, zamonaviy tashxislash hamda davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.