Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Rossiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda "Nanolek" kompaniyasining kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan orfan va shu turdagi dori vositalarini hamda kompaniya vaksinalarini sertifikatlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Kecha, 25-oktabr kuni, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda markaz direktori Agzam Nartayev hamda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi mas’ullari Dmitriy Xaroxonov, Maksim Moskalev va Rossiyaning "Nanolek" kompaniyasi vakili Dmitriy Dvinin ishtirok etdi. Uchrashuvda "Nanolek" kompaniyasining kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan orfan va shu turdagi dori vositalarini hamda kompaniya vaksinalarini sertifikatlashtirish masalalari muhokama qilindi.
V Sentre bezopasnosti farmatsevticheskoy produksii proshla vstrecha s predstavitelyami Rossii
Muloqot davomida markaz direktori O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash hukumat tomonidan belgilangan tartib asosida, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilishi, shuningdek, vazirlikning buyurtmasi bo‘yicha import qilinadigan orfan dori vositalari hamda orfan kasalliklarga tashxis qo‘yishda va ularni davolashda qo‘llaniladigan tibbiy buyumlar qonunchilikka muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan holda amalga oshirilishi mumkinligi haqida tushuntirish berdi.
O‘z navbatida, Rossiya tomoni mazkur dori vositalarini O‘zbekistonga import qilish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga taklif kiritishini ma’lum qilib, mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalasida amaliy yordam zarurligini ta’kidladi.
Markaz direktori Agzam Nartayev bu masalada o‘z vakolati doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, "Nanolek" Rossiya biofarmatsevtika kompaniyasi 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning oldini olish va davolashda qo‘llaniladigan import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya Rossiyada dori vositalari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri hisoblanib, hozirgi kunda turli kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan 20 dan ortiq dori vositalari va vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.