TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Xalqimiz faravonligi uchun yangi bozorlar topish kerak, dedi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda.
Dunyoda ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgani, befarqlik, o‘zi bo‘larchilik kayfiyati bilan rivojlanib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
"Mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va kelajagi uchun yangi korxonalar, yangi bozorlar, investitsiya, ish o‘rinlari, katta-katta tushumlar kerak. Jahon bozoridagi tebranishlar, hamkor davlatlardagi savdo cheklovlari davom etaversa, mahsulotlarni qayerga va qanday sotish kerak? Buning uchun qaysi korxonaga qanday ko‘mak berish zarur", – deya savollar qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.
Xususan, kelgusi yilda viloyatga bir milliard investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish, asosiy e’tiborni sanoat, to‘qimachilik, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishga e’tibor qaratish masalalari qo‘yildi.