Yandex taksi dekabrdan O‘zbekistonda soliq to‘lashni boshlaydi

Davlat soliq xizmati talabiga binoan Yandeks taksi O‘zbekistonda dekabrdan boshlab soliq to‘lash va fiskal kvitansiya taqdim etishni boshlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 25-oktabr – Sputnik. Yandex Go taksi xizmati O‘zbekistonda yuridik shaxsni soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi va 1-dekabrdan boshlab o‘z xizmatlarini respublikada mahalliylashtiradi, deb ma’lum qildi RIA Novosti agentligiga Yandex Go kompaniyasining MDHdagi rahbari Kirill Svinsov.

"Kompaniya allaqachon yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazgan va soliq reyestriga kiritilgan. Hozir biz barcha jarayonlarni yakunlayapmiz, Davlat soliq qo‘mitasi bilan doimiy muloqotdamiz", - dedi Svinsov Toshkentdagi "ICT Expo Uzbekistan" doirasida O‘zbekistonda mahalliylashtirish jarayoni xizmati bilan bog‘liq vaziyat haqidagi savolga javob berayotib

Yandex Go vakilining ta’kidlashicha, bu jarayonlarning barchasidan maqsad 1-dekabrdan boshlab xizmatning “O‘zbekistonda mahalliy darajada ishlashni boshlashi”.
Oktabr oyi boshida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi dekabrgacha agregator qonunga muvofiq faoliyatni tashkil etish bilan bog‘liq bir qator talablarni bajarmasa, Yandex Go O‘zbekistonda bloklanishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Faoliyatni amalga oshirish va belgilangan soliqlarni to‘lash uchun soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish, shuningdek, soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiyani ta’minlash va mijozlarga avtomatik tarzda shakllantiriladigan fiskal kvitansiyani taqdim etish.
Talablarni bajarish muddati ikki oy etib belgilandi. Aks holda, soliq qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga kompaniyaning Yandex Go elektron platformasidan foydalanishni bloklash bo‘yicha rasmiy murojaat yuborishni rejalashtirgan.
Yandex Go O‘zbekistondagi eng yirik onlayn taksi xizmatlaridan biri bo‘lib, respublikada 2018-yilning aprel oyidan beri faoliyat yuritmoqda. Xizmat Toshkent va respublikaning yana to‘qqizta shahrida mavjud. O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada 80 mingdan ortiq haydovchi ushbu xizmatga ulangan.