TOShKENT, 25 okt — Sputnik. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov lavozimidan ozod etiladi. Bu haqda Qarshi shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi vaziri etib tayinlanishi haqida e’lon qilindi.
Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida 2022-yil avgust oyidan buyon ishlab kelayotgan edi. Uning nima sababdan ishdan ketayotgani va qaysi lavozimni egallashi hozircha ma’lum qilinmagan.
Aziz Voitov 1980-yilda tug‘ilgan. Toshkent moliya institutini (2001 yilda) "Soliq va soliqqa tortish" mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan hamda Oliy ishbilarmonlik maktabida (2010 yilda) "Biznes boshqaruvi" bo‘yicha tahsil olgan.
U 2000−2017 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida turli lavozimlarda, 2017−2020 yillarda "O‘zsanoatqurilishbank" ATB boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi lavozimlarda, 2020-yilning martidan 2022-yilga qadar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.