TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Bu yil vabo epidemiyasi avj olgan mamlakatlar soni 31 taga yetdi. Bu haqida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga tayangan holda xabar bermoqda.
JSSTning navbatdagi hisobotiga ko‘ra, shu yil boshidan buyon 31 mamlakatda vabo epidemiyasi qayd etildi.
“Ko‘rsatkichlar yil sayin oshib borayotgani xavotirli. Masalan, o‘tgan yili vaboga chalinish holatlari 2021-yilga nisbatan ikki baravar ko‘paygan edi. Bu yil esa vaziyat yanada yomon", — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus.
Hozir epidemiya o‘choqlarining katta qismi Afrika mamlakatlari hududiga to‘g‘ri keladi. Xalqaro ekspertlarning prognoz qilishicha, kelgusida yillik kasallanishlar soni 1,3 milliondan 4 millionga yetishi mumkin.