TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Tekshirilmagan turistik firmalar xizmatidan foydalanish ham vaqt, ham pulini behuda sarflashga olib keladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Shu yilning 1-noyabr kunidan boshlab Vazirlar Mahkamasining 345-sonli qarori asosida Umra ziyoratlari yangi tartib-qoidalar bo‘yicha tashkil etiladi.
“Endilikda yurtimizda faoliyat olib borayotgan turistik firmalar Umra ziyoratlarini tashkil etishlari uchun Turizm qo‘mitasi tomonidan beriladigan maxsus litsenziyaga ega bo‘lishlari shart. Litsenziyasiz Umra ziyoratlari bilan shug‘ullangan tadbirkorlar qonuniy tartibda javobgarlikka tortiladilar”, — deyiladi xabarda.
Maxsus litsenziyaga ega turoperatorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Turizm qo‘mitasining “Uzbektourism.uz” axborot portalida e’lon qilinadi va doimiy ravishda yangilanib boriladi.
“Hurmatli yurtdoshlar, Umra ziyoratiga borishda maxsus litsenziyaga ega bo‘lmagan turoperatorlar xizmatidan foydalinishda ogoh bo‘lishni va keyinchalik turli xil ko‘ngilsiz xolatlarga tushib qolmaslik uchun oldindan pul to‘lamaslikni so‘rab qolamiz”, — deya ogohlantirdi qo‘mita.
Qayd etilishicha, tekshirilmagan turistik firmalar xizmatidan foydalanish ham vaqtni, ham pulni behuda sarflashga olib keladi.