Shahram Ahadov Abu-Dabi “Katta dubulg‘a” turniri chempioni bo‘ldi - video

O‘zbekistonlik dzudochi Abu-Dabi turnirining final bellashuvida kosovolik raqibidan ustun keldi.
Sputnik
TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Dzudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shahram Ahadov faoliyatida birinchi bor “Katta dubulg‘a” tasnifiga kiruvchi musobaqada g‘alaba qozondi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
-73 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik dzudochi Abu-Dabi turnirida murosasiz kechgan final bellashuvida kosovolik Akil Gakovadan ustun keldi.
Bu natija unga jahon va Parij-2024 Olimpiadasi reytingi uchun 1000 ochko taqdim qiladi.
Avvalroq Muhriddin Tilovov (-66 kg) Abu-Dabi “Katta dubulg‘a” turnirining kumush medalini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, BAAning Abu-Dabi shahrida 24-26 oktabr kunlari dzudo bo‘yicha navbatdagi “Katta dubulg‘a” turniri bo‘lib o‘tmoqda.